Yoshlar kiberxavfsizlik haqida nimalarni bilishi kerak?
Bugun kiberxavfsizlik kun tartibidagi eng dolzarb masalalardan biriga aylandi. Internet orqali sodir etilayotgan firibgarlik, shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash, soxta xabar va havolalar orqali foydalanuvchilarni chalg‘itish kabi holatlar tobora ko‘paymoqda. Bunda sun’iy intellekt imkoniyatlarining kengayishi va raqamli xizmatlarga bo‘lgan talabning ortishi ham yangi xavflarni yuzaga keltirmoqda.
Eng tashvishlisi, kiberjinoyatchilar uchun foydalanuvchining yoshi yoki kasbi muhim emas. Birgina shubhali havolani bosish, notanish shaxsga shaxsiy ma’lumotlarni yuborish yoki tasdiqlanmagan xabarga ishonish jiddiy muammolarga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois raqamli makonda hushyorlik va xavfsizlik qoidalariga amal qilish har bir inson uchun zarur.

Aynan shu masalalar Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasida «Payshanba — yoshlar kuni» doirasida Guliston shahridagi 9-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchilari ishtirokida tashkil etilgan uchrashuvning asosiy mavzusiga aylandi.

Tadbirda bojxona boshqarmasi boshlig‘i Nodirjon Salimjonov, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi harbiy bo‘limi boshlig‘i Furqatjon Azimovlar ishtirok etishdi. Soha mutaxassislari o‘quvchilarga sun’iy intellektdan samarali va mas’uliyat bilan foydalanish, raqamli xizmatlar imkoniyatlari, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish hamda internetdagi xavf-xatarlarni aniqlash bo‘yicha tushunchalar berishdi.

Ayniqsa, shubhali havolalarni ochmaslik, notanish manbalardan kelgan xabarlarga ishonib ketmaslik, parollarni boshqalarga oshkor qilmaslik, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish kabi oddiy, ammo muhim qoidalarga alohida e’tibor qaratildi. Chunki kiberxavfsizlik ko‘p hollarda murakkab dasturlardan emas, balki foydalanuvchining oddiy ehtiyotkorligidan boshlanadi.

Uchrashuvda sun’iy intellektning ta’lim va kundalik hayotdagi imkoniyatlari ham muhokama qilinib, undan foydalanishda axborotning ishonchliligini tekshirish, tayyor ma’lumotni tanqidiy baholash va mustaqil fikrlash muhimligi ta’kidlandi.

— Bugungi uchrashuv yoshlarga zamonaviy texnologiyalarning imkoniyatlarini anglash bilan birga, raqamli makonda xavfsiz harakatlanish, shaxsiy ma’lumotlarni asrash va sun’iy intellektdan mas’uliyat bilan foydalanish zarurligini tushuntirishga xizmat qildi. Zero, yoshlar qanchalik bilimli va raqamli savodxon bo‘lsa, turli kiberxavflarga qarshi shunchalik bardoshli bo‘ladi, — dedi Furqatjon Azimov.

Darhaqiqat, bugun internetdan foydalanishni bilishning o‘zi yetarli emas. Undagi xavflarni tanish, axborotni tahlil qilish va har bir raqamli harakat uchun mas’uliyatni his etish ham zarur. Zero, raqamli dunyoda xavfsizlik — bilimdan, hushyorlikdan va mas’uliyatdan boshlanadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri