Yoshlar “Jasorat maktabi”da saboq oladi
Samarqanddagi Qurolli Kuchlar kichik mutaxassislarini tayyorlash markazida viloyatning shahar va tumanlaridan kelgan 100 nafarga yaqin yosh uchun navbatdagi “Jasorat maktabi” o‘quv yig‘ini boshlandi.
Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni o‘z qiziqish va intilishiga mos kasb-hunar, mashg‘ulotlarga yo‘naltirish maqsadida Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi ham Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi hamkorligida tashkil etilgan yig‘in ishtirokchilari dastlab shifokorlar ko‘rigidan o‘tkazilib, ularga harbiy liboslar tarqatildi. So‘ngra ular o‘z qiziqishiga qarab “Yosh tadbirkorlar”, “Yosh IT dasturchilar”, “Yosh haydovchilar” hamda “Yosh payvandchilar” guruhlariga bo‘lindi va belgilangan reja asosida mashg‘ulotlar o‘tilmoqda.
O‘n kunlik harbiy-o‘quv yig‘in davomida ma’naviy-ma’rifiy va biznes saboqlar, jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlari, psixologik, motivatsion treninglar olib boriladi. Sport musobaqalari, “Senator va yoshlar”, “Qo‘mondon va yoshlar” kabi uchrashuvlar o‘tkazilishi va shahardagi tarixiy obidalarga sayohat rejalashtirilgan.
[gallery-14850]
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari