Yoshlar ijod ko‘chasi tashkil etildi
Buxoro tumanidagi “Naqshband” hunarmandchilik markazi xorijiy sayyohlarning diqqat-e’tiborini tobora o‘ziga jalb etmoqda. Shu bois, bu yerda chet ellik mehmonlar uchun muntazam mahorat darslari ham tashkillashtirilmoqda.
Hunarmandchilik, musavvirlik, chevarlik, rangtasvir kabi azaliy qo‘l mehnati hunarlarini yanada rivojlantirish, bu yerga barkamol avlod vakillarini ko‘proq jalb qilish va ularga hunar sirlarini puxta o‘rgatish maqsadida tuman hokimligi tashabbusi bilan “Naqshband” hunarmandchilik markazi negizida “Yoshlar ijod ko‘chasi” ish boshladi.
– Yoshlar ijod ko‘chasini ochishdan maqsad yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularning madaniyat, san’at, sport va badiiy ijod yo‘nalishida iqtidorini ro‘yobga chiqarish, qolaversa, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishdir, – deydi tuman hokimining o‘rinbosari Sobir Hamroyev. – Bu borada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus asosida o‘g‘il-qizlarimizning musiqa, rassomlik, teatr va san’at turlari bilan shug‘ullanishiga yetarli shart-sharoit yaratish, ular iste’dodini yuzaga chiqarishdir.
Ijod ko‘chasining ochilish tadbirida tuman hokimi Halimjon Safarov, jamoatchilik vakillari, yosh hunarmandlar qatnashdi.
[gallery-13949]
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari