Yoshlar harbiy kasbga yo‘naltirilmoqda
Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida joylashgan 1-umumta’lim maktabida yoshlarni harbiy kasbga qiziqtirish, ularni Vatan himoyasi yo‘lida fidokorona xizmat qilishga undash maqsadida “Harbiylik sari ilk qadam” mavzusida targ‘ibot tadbiri tashkil etildi.
Tadbir O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyat Kengashi, Mudofaa ishlari jamoatchilik kengashi hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qism xizmatchilari tashabbusi bilan o‘tkazildi. Unda Termiz shahridan tashrif buyurgan mutaxassislar, jumladan, “Yosh chegarachilar” harbiy akademik litseyi o‘qituvchilari, maktab o‘quvchilari va faol yoshlar ishtirok etdilar.

Uchrashuv davomida ishtirokchilarga “Yosh chegarachilar” harbiy akademik litseyiga qabul tartibi, ta’lim jarayoni, zamonaviy o‘quv infratuzilmasi hamda kursantlar uchun yaratilgan sharoitlar haqida atroflicha ma’lumot berildi. Shuningdek, muassasada yoshlarning harbiy-intellektual salohiyatini oshirish, jismoniy tayyorgarligini mustahkamlash va ularni intizom ruhida tarbiyalashga qaratilgan ishlar xususida ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

Tadbir doirasida harbiy xizmatchilar ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi, unda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga bevosita javob oldilar. Suhbat jarayonida harbiy xizmatning sharafi va mas’uliyati, vatanparvarlik, matonat va intizom kabi fazilatlarning ahamiyati keng yoritildi. Shu bilan birga, harbiy kasb insonda liderlik qobiliyatlari va jamoada ishlash ko‘nikmalarini shakllantirishi ta’kidlandi.

– Bugungi kunda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Bunday targ‘ibot tadbirlari yoshlarda harbiy kasbga bo‘lgan qiziqishni oshirish, ularni ongli ravishda kasb tanlashga yo‘naltirishda muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, amaliy muloqotlar orqali yoshlar harbiy xizmatning mazmun-mohiyatini chuqurroq anglab yetadilar, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyat Kengashining mas’ul xodimi Furqatjon Azimov.

Mazkur tadbir yoshlarni yurt tinchligi va xavfsizligini ta’minlashdek sharafli burchga tayyorlash, ularda vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash yo‘lida muhim amaliy qadam bo‘ldi. Shu kabi uchrashuvlarni muntazam tashkil etish orqali yosh avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri