Yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayevning “Yoshlar oyligi” doirasida Qo‘ng‘irot tumanidagi faol yoshlar bilan uchrashuvi o‘tkazildi.
Tadbir doirasida dastlab bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Unda 44 ta muassasa hamda tashkilot 154 ta bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi. Unda bir qator yoshlar ish o‘rinlariga joylashtirilgan bo‘lsa, yana bir guruh xotin-qizlarga qayta kasbga yo‘naltirish bo‘yicha yo‘llanmalar berildi. Shundan so‘ng IT sohasi mutaxassislari tomonidan sohani rivojlantirish, IT xizmatlarini taqdim etishni yo‘lga qo‘yish, shu orqali katta daromad olishni amalga oshirish hamda tashqi beg‘araz yordam mablag‘larini (grantlarni) jalb qilish, donorlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish, turli loyihalar ustida ishlashda grant mablag‘larini keng jalb qilish bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazilib, ma’lumotlar taqdim etildi.


Bundan tashqari, Prezidentimizning topshirig‘i bilan yoshlar banki sifatida e’lon qilingan “Aloqa bank” ning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi rahbari, “Milliy bank”ning mas’ul mutaxassislari tomonidan yoshlar tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish va mavjud loyihalarni kengaytirish bo‘yicha yaratilgan imkoniyatlar haqida ma’lumotlar berildi.
Uchrashuvda Jo‘qorg‘i Kenges raisi yurtimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani, davlatimiz rahbarining yoshlarga bo‘lgan yuksak ishonchi, alohida e’tibori va otalarcha g‘amxo‘rligi natijasida ular uchun barcha imkoniyatlar yaratilayotganini alohida mamnuniyat bilan ta’kidladi.

Qayd etilganidek, Prezidentimiz rahbarligida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir qator qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Zamonaviy ta’lim muassasalari ochildi, tadbirkorlik yo‘nalishi bo‘yicha ko‘plab imtiyozlar berilmoqda. Ta’lim, madaniyat, sport va boshqa sohalardagi yoshlarimiz moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ayniqsa, Prezidentimizning 2022 yil 31 avgustdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal sur’atlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan oliy o‘quv yurtlarida qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun alohida qo‘shimcha kvotalar ajratilayotgani yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochib bermoqda.

Uchrashuv davomida yoshlar bilan yaqindan muloqot qilinib, ularning xohish-istaklari, shuningdek, takliflari tinglandi. Xususan, yoshlar tomonidan tuman hududida zamonaviy kutubxona barpo etish, tadbirkorlikni rivojlantirish, parasport bilan shug‘ullanish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish, “Barkamol avlod” bolalar maktabida laboratoriya va IT kurslar tashkil etish kabi dolzarb masalalar ko‘tarildi. O‘z navbatida har bir tashabbus va taklif Jo‘qorg‘i Kenges raisi tomonidan belgilab olindi va tez orada hayotga tatbiq etish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriq berildi. Shundan so‘ng bir guruh yoshlar faolligi va tengdoshlari orasida alohida yutuqlarga erishib, ko‘pchilikka namuna bo‘layotgani uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumi qarori bilan taqdirlandi.
– Davlatimiz rahbari hamisha biz yoshlarni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda, – deydi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti magistranti, “Umid uchquni” ko‘krak nishoni sohibasi Barno Jalg‘asbayeva. – “Yoshlar oyligi” doirasida Jo‘qorg‘i Kenges raisi hududlarda bo‘lib, ochiq muloqot o‘tkazmoqda. Bunday e’tibor uchun Prezidentimizga cheksiz minnatdorlik bildiramiz.
O‘tkazilgan uchrashuv chin ma’noda Jo‘qorg‘i Kenges raisi va yoshlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot maydoniga aylandi. Bunday uchrashuvlar respublikaning barcha shahar-tumanlarida davom ettiriladi.
Uchrashuvdan so‘ng Prezidentimizning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi xalq qabulxonasi, Jo‘qorg‘i Kengesning mutasaddilari va soha rahbarlari ishtirokida yoshlarning muammolari yuzasidan qabul o‘tkazilib, ularning murojaatiga yechim topish choralari ko‘rildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri