Yosh velomarafonchilar musobaqasi
Farg‘onada o‘tkazilgan “Kamolot-tur” IX yoshlar velomarafonining viloyat bosqichida 300 dan ziyod havaskor velosportchi ishtirok etdi.
Farg‘onada o‘tkazilgan “Kamolot-tur” IX yoshlar velomarafonining viloyat bosqichida 300 dan ziyod havaskor velosportchi ishtirok etdi.“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi, viloyat madaniyat va sport ishlari boshqarmasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan velomarafon yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Uch yosh toifasida o‘tkazilgan musobaqada Quva tumanidagi 50-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Mirjamol Ro‘zaliyev, Toshloq tumani “Sadda” mahalla fuqarolar yig‘inidan Elyor Nishonov, Quva qishloq xo‘jalik kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Javohir Jamoliddinov birinchi o‘rinni egallab, mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.
– Velomarafonda g‘olib bo‘lganimdan xursandman, – deydi Quva tumanidagi 50-umumta’lim maktabi o‘quvchisi M.Ro‘zaliyev. – Chunki ushbu sport turiga juda qiziqaman va doimiy ravishda shug‘ullanib turaman. Sport tufayli o‘zimni yengil his qilaman va bu menga ruhiy, jismoniy kuch bag‘ishlaydi.
Musobaqa g‘oliblari va bir qator qo‘shimcha nominatsiyalar bo‘yicha eng faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan rag‘batlantirildi.