Yosh tadbirkorlar anjumani
Poytaxtimizda “O‘zbekistonda yoshlar tadbirkorligi: holati va istiqbollari” yosh tadbirkorlar biznes-forumining mamlakat bosqichi o‘z ishini boshladi.
Poytaxtimizda “O‘zbekistonda yoshlar tadbirkorligi: holati va istiqbollari” yosh tadbirkorlar biznes-forumining mamlakat bosqichi o‘z ishini boshladi.“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan qator vazirlik, idoralar va tijorat banklari hamkorligida o‘tkazilayotgan ko‘plab loyihalar mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida yoshlarning faol ishtirokini, ularning bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ezgu sa’y-harakatlarni yangi bosqichga ko‘tardi. Qarorga muvofiq kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng jalb etishga xizmat qiluvchi o‘nlab loyihalar hayotga tatbiq qilinmoqda.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etilgan “O‘zbekistonda yoshlar tadbirkorligi: holati va istiqbollari” yosh tadbirkorlar biznes-forumi ana shunday loyihalardan biridir.
Forumning ochilishida “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi raisi o‘rinbosari D.Qulmatov, O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi raisining o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi A.Ikromov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, jumladan, yoshlarda biznesga oid ko‘nikmalarni shakllantirish, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etishga katta e’tibor berilayotganini ta’kidladi.
Erishilgan yutuqlar ko‘lamini oshirish, ularni izchil davom ettirish, bugungi o‘sib kelayotgan yoshlar talabini to‘la qondirish, ular uchun yanada qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish maqsadida mazkur sohada faoliyat yuritayotgan davlat va nodavlat tashkilotlar hamkorligini yanada kuchaytirish zarurligi taqozo etilmoqda. Mamlakatimizda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishning bugungi holatini tahlil qilish va istiqbollarini belgilab olishga yo‘naltirilgan “O‘zbekistonda yoshlar tadbirkorligi: holati va istiqbollari” yosh tadbirkorlar biznes-forumi o‘tkazilmoqda.
– Ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy, axborot va hamkorlik xarakteriga ega bo‘lgan ushbu loyihada 18 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan o‘z biznesiga ega yigit-qizlar ishtirok etmoqda, – deydi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi tadbirkorlik loyihalari koordinatori Baxtiyor Mirzatov. – Forumning hududiy bosqichlarida bir yarim mingdan ziyod yigit-qiz o‘z takliflari bilan qatnashgan bo‘lsa, mamlakat bosqichida har bir xududdan olti yosh tadbirkor, bir hududiy konsultativ markazi koordinatori, Savdo-sanoat palatasi hududiy boshqarmasi mas’ul xodimi ishtirok etayotir.
Forum ishi olti sho‘baga bo‘lingan holda olib borilmoqda. Vazirlik va idoralar, huquqni muhofaza qilish, nazorat qiluvchi organlar vakillari, deputatlar, mutaxassislar jalb qilingan sho‘balarda yoshlarga tadbirkorlik faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari, bu borada yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar yuzasidan tushuntirishlar berilmoqda. Xususan, tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, biznes-reja tuzish, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalar asosida eksport-import operatsiyalarini rivojlantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari tomonidan to‘lanadigan soliqlar va ularga belgilangan imtiyozlar, kredit turlari, garov ta’minoti, garov hujjatlarini rasmiylashtirish tartibi yuzasidan tegishli tavsiyalar berilmoqda.
Andijonlik yosh tadbirkor Islom Sobirov 2013-yilda “Mening biznes- g‘oyam” ko‘rik-tanlovi g‘olibi bo‘lgan. Tijorat bankidan olgan 15 million so‘mlik imtiyozli kredit hisobiga poyabzal ishlab chiqarish korxonasini tashkil etgan.
– Prezidentimiz rahnamoligida bozorlarimizni import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar bilan to‘ldirish, zamonaviy texnika, texnologiyalarni jalb etish, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish sohalarini yanada rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda, – deydi I.Sobirov. – Bu yo‘lda yosh ishbilarmonlar uchun barcha sharoit yaratilayotgani bizni behad quvontiradi. Ushbu forumga qator takliflar tayyorlab kelganman.
Tadbir doirasida yoshlar uchun soha mutaxassislari ishtirokida uchrashuvlar, mahorat darslari, biznes-sayohatlar va davra suhbatlari o‘tkaziladi. “Vatanim taraqqiyotiga mening hissam!” shiori ostida yosh tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar, ko‘rsatilayotgan xizmatlar va innovatsion loyihalar ko‘rgazmasi tashkil etiladi.