Yosh tadbirkor – yurtga madadkor
Sirdaryoda “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Sirdaryoda “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi, tijorat banklari va bir qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tanlovda o‘n sakkiz yoshdan o‘ttiz yoshgacha bo‘lgan yuzdan ziyod yosh tadbirkor o‘z biznes rejalari bilan ishtirok etdi.
Mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, yosh tadbirkorlarning biznes loyihalarini moliyalashtirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotir.
Ushbu an’anaviy tanlov yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish, ular uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, mamlakatimiz iqtisodiyotining yuqori o‘sish sur’atlari barqarorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Tadbir doirasida o‘tkazilgan seminarda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid qonunlar, biznes-reja tuzish va uni ro‘yobga chiqarishda bank kreditlaridan foydalanish kabi sohaga tegishli masalalar yuzasidan yoshlarga tushuncha va tavsiyalar berildi.
Natijalarga ko‘ra, o‘n nafar istiqbolli loyiha sohibi tanlovning mamlakat bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
– Prezidentimiz rahnamoligida yaratilayotgan keng imkoniyatlar biz, yoshlarni yanada ko‘proq izlanish, mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lida fidokorona xizmat qilishga undamoqda, – deydi tanlov ishtirokchisi Baxtiyor Yoqubov. – Men ham bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikdan ruhlanib, turli loyihalar ustida ishladim. Bugungi tanlovda biznes g‘oyam g‘oliblar safida e’tirof etilib, mamlakat bosqichiga yo‘llanma olganimdan juda xursandman.