Yosh shaxmatchilarimiz Italiyada jahon chempionatida qatnashmoqda
Italiyaning Montesilvano shahrida shaxmat bo‘yicha 14, 16 va 18 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il va qizlar o‘rtasida navbatdagi jahon chempionati boshlandi.
Dunyoning 84 ta davlatidan 800 nafardan ziyod eng kuchli yosh iqtidor egalari ishtirok etayotgan mazkur nufuzli musobaqada O‘zbekiston terma jamoasining 9 nafar a’zosi o‘z yosh toifalarida bahs olib bormoqda.
Musobaqa nizomiga muvofiq, 11 ta turdan iborat bo‘lgan chempionat shveysarcha tizimda tashkil etiladi.

Kecha jahon chempionatining 1-tur o‘yinlarida terma jamoamiz a’zolaridan Lazizabonu Komiljonova, Sarvinoz Bekmuratova, Nilufarxon Imomqo‘ziyeva, Mumtozbegim Mansurova raqiblarini taslim etgan bo‘lsa, Akobirxon Saidaliyev, Rauf Qosimov, Sa’dullo Azizov, Gavhar Erkinova durang natija qayd etdi. Ruqiya Olimova esa ilk turda imkoniyatni boy berdi.

Umumiy mukofot jamg‘armasi 20 ming yevrodan iborat turnir musobaqalari 26-iyunga qadar davom etadi.
Bugun, 16-iyun kuni jahon chempionatining 2-tur o‘yinlari hamda musobaqa doirasida har bir yosh toifasida shaxmat jumboqlarini yechish bo‘yicha bahslar o‘tkaziladi.
T. Ro‘ziyev,
O‘zA