“Yosh qutqaruvchi”lar munosib taqdirlandi
Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan yoshlarda qutqaruvchilik kasbiga qiziqishni uyg‘otish hamda ularning favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish ko‘nikmalarini oshirish maqsadida joylarda “Yosh qutqaruvchi” ko‘ngillilar klublari o‘rtasida sport musobaqalari o‘tkazilmoqda.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga qarashli futbol o‘yingohida ana shunday tadbirlardan navbatdagisi bo‘lib o‘tdi.

Unda maktab va kasb-hunar kolleji o‘quvchilaridan iborat 24 jamoa favqulodda vaziyatlarga oid savollarga javob berish, tez-tibbiy yordam ko‘rsatish, osilgan holda 6 metrlik masofani qutqaruv arqoni yordamida bosib o‘tib chodir (palatka) qurish, qutqaruvchining harakatlarini bajarish hamda qutqaruv asbob-anjomlaridan foydalanish va yong‘in o‘chirish estafetasi yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro bellashdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, kollej o‘quvchilari o‘rtasida 1-o‘rinni Ohangaron tumani, 2-o‘rinni Chinoz tumani va 3-o‘rinni Angren shahar jamoasi qo‘lga kiritdi. Maktablar bo‘yicha esa 1-o‘ringa Olmaliq shahar jamoasi sazovor bo‘ldi. 2-o‘rin Ohangaron tumani hamda 3-o‘rin Toshkent tumani jamoalariga nasib etdi.
Musobaqa g‘olib va sovrindorlariga diplom va esdalik sovg‘alari berildi.
Gulnoza BOBOEVA, O‘zA