Yosh operachilarning ijodiy festivali
Poytaxtimizda Madaniyat vazirligi huzuridagi Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash markazi tomonidan 17 yoshdan 28 yoshgacha bo‘lgan yosh opera ijrochilari o‘rtasida “Yoshlik bahori’’ respublika yosh opera ijrochilari festivali o‘tkazildi.
Festivalning saralash bosqichi juda qizg‘in tarzda kechdi. G‘oliblarni taqdirlash marosimi esa O‘zbekiston davlat konservatoriyasida bo‘lib o‘tdi.
Taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov ijodkor yoshlarni qo‘llab-quvvatlash masalasi davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida ekanini ta’kidladi.

Chindan ham, O‘zbekistonlik opera xonandalari nainki mamlakatimizda, balki xorijiy davlatlarda ham yuksak e’tirof etilmoqda.
O‘tgan yillar ushbu tanlov ikki yoki uch hududiy bosqichlarda o‘tkazilgan bo‘lsa, bu yil faqat bir bosqichda yosh operachilar o‘z mahoratini namoyish etdilar. Ya’ni, barcha qatnashchilar poytaxtning o‘zida ijodiy loyihaning mamlakat bosqichida o‘zlari tayyorlagan musiqiy asarlarni hakamlar hay’ati hukmiga havola etdilar.

Tanlov natijalariga ko‘ra, Akobirjon Sobirjonov “Eng yaxshi o‘zbek operasi ijrochisi” nominatsiyasida, Fozilxon Alisherxonov “Jahon operasining eng yaxshi ijrochisi”, Sitora Abdurahmonova “Eng yaxshi ayol ovozi”, Mirjalol Baxtiyorov “Eng yaxshi erkak ovozi”, Mironshoh Nurullayev “Eng yaxshi yosh ishtirokchi” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.
Aytish kerakki, “Yoshlik bahori’’ respublika yosh opera ijrochilari festivali O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 25 dekabrdagi “Aholiga madaniy xizmat ko‘rsatish darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra har yili mart oyida o‘tkaziladi.
N.Usmonova, O‘zA