Yosh olimlar nimalarni muhokama qildi?
Poytaxtimizda “Zamonaviy san’at muammolari va istiqbolli masalalari yosh olimlar nigohida” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi markaziy ko‘rgazmalar zalida tashkil etilgan ushbu anjumanga nafis san’at, me’morchilik, teatr, kino, raqs, musiqa singari yo‘nalishlarda izlanayotgan yosh olimlar taklif etildi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda ilm-fan ahli, xususan, yosh olimlar, tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash, ularning izlanishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlarni yaratish, moddiy va ma’naviy jihatdan rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimizning 2019 yil 30 avgustdagi “Yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish va ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda “Ilm-fanni 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi islohotlarda muhim asos bo‘lmoqda.
Zamonaviy O‘zbekiston san’atiga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqot ishlari, fandagi ilg‘or tajribaga asoslangan innovatsion loyihalarni amalga oshirishda yosh olimlar ishtiroki tobora ortmoqda. Bu jarayon sohaga kirib kelayotgan istiqbolli yosh mutaxassislarni ilmiy faoliyatga yo‘naltirish, ular uchun mavjud sharoit va imkoniyatlar ko‘lamini tobora kengaytirish masalasi dolzarb ekanini ko‘rsatmoqda. Tasviriy va amaliy bezak san’ati, arxitektura, teatr, kino, musiqa, raqs san’atiga oid dolzarb mavzularni yosh san’atshunoslar uchun tadqiqot markaziga aylantirish g‘oyat muhimdir. Bu esa ilmiy faoliyat ko‘lamining kengayishi va jadallashuviga olib keladi.
Prezidentimizning yuqorida nomi keltirilgan qarorida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi San’atshunoslik instituti Yosh olimlar kengashi hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasi San’atshunoslik sho‘’basi tomonidan tashkil etilgan “Zamonaviy san’at muammolari va istiqbolli masalalari yosh olimlar nigohida” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumani yosh san’atshunos tadqiqotchilar uchun muhim ilmiy-nazariy tajribalar, fandagi yutuqlar, mavjud dolzarb masalalarni muhokama etish, o‘zaro fikr almashish, soha rivoji uchun zarur ilmiy xulosalar belgilash imkonini bergani bilan ahamiyatlidir.
Anjumanda tasviriy va amaliy san’at, me’morchilik, teatr, kino, raqs, musiqa singari san’atning ko‘plab sohalariga oid ma’ruzalar muhokama etildi. Bu esa bugungi badiiy va madaniy jarayonda yuz berayotgan o‘zgarishlar – ijodiy izlanishlar, yangi asarlar yuzasidan fikr yuritish, ushbu jarayonni tahlil etish uchun ayni muddao bo‘ldi. Shu bilan birga konferensiya san’atshunoslik sohasida ustoz-shogird an’analarini yanada rivojlantirish, yosh ilmiy tadqiqotchilar, doktorantlarni qo‘llab-quvvatlash, soha ijodkorlari va nazariyachilar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish uchun yaxshi imkoniyat bo‘ldi, deyish mumkin.
N.Usmonova, O‘zA