Yosh mutaxassislar zavod faoliyati bilan tanishdi
Buxoro neftni qayta ishlash zavodida “Oʼzbekneftgaz” AJ tarkibiga kiruvchi korxonalarning yosh mutaxassislari uchun ekskursiya tashkil etildi. Yoshlar Qorovulbozor tumanidagi korxonadagi ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishdi.
Korxona mas’ullari yoshlarga neftni qayta ishlash va undan mahsulot tayyorlashning har bir bosqichi xususida batafsil ma’lumot berdi. Neft mahsulotlari sifatini tahlil qiluvchi laboratoriyalar, quyish-to‘ldirish estakadasiga sayohat ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Madaniyat saroyi va zavod muzeyi bilan tanishishda yosh kadrlar zavod tarixi va madaniy hayoti haqida batafsil ma’lumot oldi. Kasbiy rivojlanish bosqichlari va unda ahamiyat beriladigan jihatlar muhokama qilindi. Jarayonda yoshlar bilan ishlash siyosatiga alohida e’tibor qaratilayotgani barobarida “ustoz-shogird” an’anasiga muvofiq olib borilayotgan ishlar, kasbiy mahorat va ish unumini oshirish uslubi, treninglar va ta’lim seminarlari dasturlari bilan tanishdi.

Ishtirokchilar zavodda borayotgan ishlab chiqarish, innovatsiyalar jarayoni va har bir xodimning mas’uliyati xususida atroflicha tasavvurga ega bo‘ldi. Yosh kadrlarning aksariyati zavodda tashkil etiladigan amaliyot va o‘quv dasturlarida qatnashish istagini bildirdi. Ekskursiya madaniy tadbirlar, shaharning tarixiy-me’moriy obidalarga sayohati bilan davom etdi.

“Oʼzbekneftgaz” AJ va uning tarkibidagi Buxoro neftni qayta ishlash zavodi rahbariyati yoshlar salohiyatidan keng foydalanish, ularning kasbiy o‘sishini ta’minlash maqsadida turli o‘quv dasturlari, amaliyot va korporativ tadbirlarga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu esa kelajak avlod kadrlari uchun o‘ziga xos maktab vazifasini o‘tashi shubhasiz.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.