Yosh matematiklarimiz yutug‘i
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida xalqaro olimpiadadan yutuqlar bilan qaytgan yoshlar tantanali kutib olindi.
Shu yilning 9-14 yanvar kunlari bir guruh o‘zbekistonlik yoshlar Qozog‘istonning Olmaota shahrida bo‘lib o‘tgan matematika, fizika va informatika fanlari bo‘yicha 16-xalqaro Jautikov (IZHO) olimpiadasida qatnashib, munosib o‘rinlarni egallab qaytdi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida xalqaro olimpiadadan yutuqlar bilan qaytgan yoshlar tantanali kutib olindi.
Prezidentimiz 2019 yilning 27 dekabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda yoshlar bilan uchrashuv chog‘ida mamlakatimizdagi barcha ezgu ishlar, islohotlar O‘zbekistonning ertangi kuniga qaratilgani, kelajagimiz zamini esa yoshlar ekanini, ularning Vatanimizga munosib farzand bo‘lib yetishishi yo‘lida hamma sharoitlar yaratib berilajagiga alohida e’tibor qaratgan edi. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’lim vazirligi tomonidan yoshlarimizni xalqaro olimpiadalarga munosib tarzda tayyorlash yuzasidan tizimli ishlar olib borilmoqda.
...Olmaota shahridan Toshkentga kelgan samolyot ohista zaminimizga qo‘nadi. Ona O‘zbekiston bayrog‘ini qo‘lda tutgan, bo‘yniga medallarni ilib olgan yoshlar aeroportdan birin-ketin chiqib kela boshlaydilar. Ularni ustozlari, ota-onalari, do‘stlari gullar, olqishlar bilan kutib olmoqda. Kimdir o‘zida yo‘q xursand. Murg‘akkina qiz yaxshi niyatlar bilan olimpiadaga borganu hayajondanmi va’dasining ustidan chiqolmagan. Ko‘zlari to‘la yosh ota-onasi bag‘riga o‘zini otgan qizchani hijolat etmaslikka harakat qilamiz.
O‘zbekistonlik yoshlar xalqaro fan olimpiadalarida bir emas, bir necha bor muvaffaqiyatli ishtirok etib, nufuzli o‘rinlarga munosib topilgan edi. Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan matematika, fizika va informatika fanlari bo‘yicha 16-xalqaro Jautikov (IZHO) olimpiadasida dunyoning 21 davlatidan 84 ta jamoa, jami 600 nafardan ortiq ishtirokchi o‘z bilimni sinab ko‘rdi.
Jahon miqyosidagi nufuzli ushbu olimpiada 2005 yildan buyon o‘tkazilib, unga turli mamlakatlarning STEM (fan, texnologiya, injenering, matematika) sohasiga ixtisoslashgan maktablari jamoalari jalb etiladi.
Olimpiada natijalariga ko‘ra, Buxoro viloyati Peshku tumanidagi 18-umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Jahongir Norboev kumush medalga munosib topildi. Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi 5-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Diyorbek Tolibov, Qashqadaryo viloyati Kitob tumani, 1-son ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi 11-sinf o‘quvchisi Eldor Neymatov, S.Sirojiddinov nomidagi “Tabiiy va aniq fanlar”ga ixtisoslashtirilgan respublika akademik litseyi o‘quvchisi Farrux Mahmudov, Namangan davlat universiteti qoshidagi akademik litsey o‘quvchisi Ibrohimjon Mirg‘iyosov, Buxoro davlat universiteti Qorako‘l akademik litsey o‘quvchisi Shahboz Hasanov bronza medalni qo‘lga kiritdi.
– Bugun astoydil o‘qiyman, izlanaman, degan yoshlar uchun barcha sharoit yaratilgan, – dedi Buxoro viloyati Peshku tumanidagi 18-umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Jahongir Norboev. – Avval ham Tailand, Bolgariya, Janubiy Afrika Respublikasida bo‘lib o‘tgan matematika bo‘yicha bu kabi xalqaro bilimlar musobaqasida medallarga munosib bo‘lgandim. Yurtimizda yoshlar uchun yaratilgan ko‘plab sharoitlar, ustozlarimizdan olgan bilimlar sababli shunday natijalarga erishdim.
– O‘g‘lim Jahongir bilimlar sari intilishi, o‘z ustida tinimsiz ishlashi va eng asosiysi yurtimizda yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor sababli shunday zafarni qo‘lga kiritdi, – dedi Jo‘rabek Murodov.