Yosh kitobxonlarga yana bir qulaylik
Kitob bor uydan zulmat chekinadi, bu yerga ma’rifat va ilm nuri yog‘iladi, aql-zakovat va tafakkur boyiydi.
Shu bois mamlakatimizda yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Joylarda ko‘plab kutubxonalar va kitob do‘konlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ana shunday yangi ziyo maskanlaridan biri –Qarshi shahridagi Yoshlar markazi kutubxonasi hisoblanadi va yaqinda uning foydalanuvchilari yana bir imkoniyatga ega bo‘ldi.
Gap shundaki, mazkur kutubxonada Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi veb-portalidan emin-erkin foydalanish imkoniyati yaratildi. Endi qashqadaryolik yoshlar Milliy kutubxonaning 167 mingdan ortiq elektron resurslaridan foydalanishlari mumkin. Shuningdek, Yoshlar markazi kutubxonasiga zamonaviy noutbuklar ham keltirildi, Wi-Fi tizimi yo‘lga qo‘yildi.
– Joriy yilning noyabr oyida davlatimiz rahbarining viloyatimizga tashrifi chog‘ida shaxsan o‘zlari mana shu muhtasham Yoshlar markazini ochib berdilar, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi boshlig‘i Shohjahon Omonov. – Va markazimizda bir guruh yoshlar bilan muloqot qildilar.
E’tibor qilib turdim Prezidentimiz har bir yosh bildirgan takliflarni diqqat bilan eshitib, yon daftarlariga yozib oldilar. Biz ham viloyat yoshlar agentligi nomidan alohida tashabbus qilib, markazimizdagi kutubxonani Toshkentdagi Milliy kutubxona bilan o‘zaro uzviyligini bog‘lab, hamkorligini yo‘lga qo‘yish taklifini berdik. Mana nihoyat taklifimiz inobatga olinib, kutubxonamizda kitobxon yoshlar uchun yana bir imkoniyat yaratildi.
Eslatib o‘tamiz, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoga qilgan tashrifi chog‘ida bu yerda qashqadaryolik yoshlar bilan uchrashgan. Unda yoshlar muammolarini hal qilish, bandligini ta’minlash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha ochiq muloqot bo‘lgandi.
O‘.BAROTOV, O‘zA muxbiri, J.Norqobilov olgan suratlar