“Yosh gvardiyachilar” – vatanparvarlik va jasorat sinovi
Qashqadaryo viloyati Milliy gvardiya boshqarmasida yoshlar o‘rtasida harbiy-vatanparvarlik ruhini yanada mustahkamlash maqsadida “Yosh gvardiyachilar” harbiy-sport musobaqasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyatning barcha tuman va shaharlaridan tashrif buyurgan yoshlar 10 ta shart asosida o‘zaro bellashdi. Musobaqa shartlari murakkabligi va qiziqarliligi bilan ishtirokchilardan jismoniy tayyorgarlik, tezkorlik, mantiqiy fikrlash hamda jamoaviy hamjihatlikni talab etdi.



Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar yakuniga ko‘ra, umumjamoa hisobida Qarshi shahridagi 45-maktabning “Janub qalqonlari” jamoasi faxrli 1-o‘rinni egallab, musobaqaning respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.


Shuningdek, musobaqa davomida faol ishtirok etgan va yuqori natijalarga erishgan yoshlar hamkor tashkilotlar tomonidan munosib taqdirlandi.


Mazkur musobaqa yoshlarda Vatanga muhabbat, jasorat, intizom va jamoaviylik fazilatlarini mustahkamlashga xizmat qildi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri