Bugun Saudiya Arabistonida futbol bo‘yicha U17 yosh toifasida o‘tkazilayotgan Osiyo kubogining guruh bosqichi uchinchi tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.

Chempionatning ikkinchi turidan so‘ng O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni U17 terma jamoalari ochkolarini 6 taga yetkazib muddatidan avval 3-27 noyabr kunlari Qatarda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Bugun “A” guruhida O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni terma jamoalari guruh peshqadamligi uchun o‘zaro raqobatlashadi. Guruhda umuman ochko to‘play olmagan — Tailand va Xitoy termalari o‘rtasidagi uchrashuv rasmiyatchilik uchun o‘tkaziladi. Bahslar soat 22:15 da start oladi.

Darvoqe, futbolchilarimiz mezbonlarga qarshi an’anaviy oq libosda, darvozabonimiz esa qora libosda o‘ynaydi. Raqib jamoa esa yashil rangli libosda maydonga tushadi.
Chempionatning “B” guruhida ikkinchi tur yakunlariga ko‘ra, Yaponiya 4 ochko bilan guruhda yetakchilik qilmoqda. BAA esa 3 ochko, Vetnam 2 ochko bilan kuchli uchlikdan joy olgan bo‘lsa, Avstraliya 1 ochko bilan so‘nggi o‘rinda bormoqda.

Ertaga, 10 aprel kuni Avstraliya – Yaponiya, Vetnam – BAA bahsiga guvoh bo‘lamiz. Qiziqarlisi, hozirda har bir jamoada mundialga yo‘llanmani qo‘lga kiritish imkoniyati bor. Hattoki 1 ochko bilan borayotgan Avstraliya termasida ham. Shu sababli mazkur guruhning so‘nggi turidagi ushbu bellashuvlar keskin va murosasiz bahslarga boy o‘tishi shubhasiz.
“C” guruhida o‘tgan tur yakunlariga ko‘ra, Indoneziya 6 ochko bilan yaqqol peshqadamga aylangan. Janubiy Koreya va Yaman esa 3 ochko bilan kuchli uchlikdan o‘rin olgan. Afg‘oniston termasi hamon ochkosiz bormoqda.

Ushbu guruhdagi so‘nggi tur o‘yinlari ham 10 aprel kuni bo‘lib o‘tadi. Unda Janubiy Koreya – Yaman, Afg‘oniston – Indoneziya o‘smirlar terma jamoalari maydonga tushadi. Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, bu guruhda Indoneziya uchinchi tur uchrashuvlaridagi har qanday natijaga qaramay, qit’a birinchiligining chorak finaliga va Jahon chempionatining final bosqichiga yo‘llanmani naqd qilgan. Biroq, Janubiy Koreya va Yaman bahsida qayd etilgan durang koreyalik futbolchilarni mundialga olib chiqadi. Yamanga esa faqat g‘alaba zarur.
“D” guruhida kutilmagan natijalar qayd etilmoqda. Ushbu guruhda favorit deya e’tirof etilgan Eron termasi ikkinchi turda O‘monga 2:3 hisobida yengildi. Tojikiston futbolchilari esa KXDRga qarshi o‘yinda yirik 3:0 hisobida taslim bo‘ldi.
Natijada, KXDR 4 ochko jamg‘argan holda guruh jadvalida karvonboshiga aylangan bo‘lsa, Tojikiston va O‘mon 3 ochko bilan 2-3 o‘rinlarni band etdi. Eron esa ilk turdagi durang evaziga 1 ochko jamg‘arib, so‘nggi o‘rinda qolib ketdi.

Endi uchinchi turda Tojikiston – Eron, O‘mon – KXDR jamoalari o‘ynaydi. Bahslar 11 aprel kuni o‘tkaziladi. KXDR garchi 4 ochko bilan guruhda yetakchi bo‘lib turgan bo‘lsa-da, oxirgi turda O‘monga mag‘lub bo‘lsa, Eron esa Tojikistonni yirik hisobda taslim etsa, musobaqa va Jahon chempionati bilan xayrlashadi.
Ma’lumot o‘rnida: Osiyo chempionatining guruh bosqichida eng yaxshi natija qayd etgan 2 ta terma jamoa chorak finalga yo‘l oladi. Ushbu 8 jamoa esa Qatar mezbonlik qiladigan mundialda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA