Yosh dzyudochilar mamlakat kubogida bahslashdi
Joriy yil yoshlar o‘rtasidagi dzyudo bo‘yicha mamlakat kubogi bahslariga Buxoro viloyati mezbonlik qildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahridan kelgan polvonlar ishtirok etgan O‘zbekiston kubogi yurtimizda yoshlar o‘rtasida dzyudo sport turini keng ommalashtirish, yangi iqtidorli sportchilarni saralash va ular orasidan eng munosiblarini saralash, bu orqali terma jamoamiz zaxirasini to‘ldirish maqsadida o‘tkazildi.

Kutilganidek, mazkur musobaqada yosh umidli sportchilar o‘zlarining bor imkoniyatlarini ishga solib, kelgusida nufuzli musobaqalarda ishtirok etib, yurt sha’nini munosib himoya qila olishlarini ko‘rsatdi.

Kubok bahslarida Hojiakbar Toshev (Buxoro), Mardon Ravshanov (Samarqand), Fazliddin Rafiqov (Toshkent), Muhammadsodiq Sodiqov (Xorazm), Alisher Samanov (Samarqand), Mohlaroyim To‘xtamisheva (Surxondaryo), Sevinch Mahmudjonova (Sirdaryo), Muxlisa Turdiyeva (Qashqadaryo), Asal Karimjonova (Toshkent) va Dilfuza Ibrohimova (Toshkent vil.) shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA