“Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasining Respublika bosqichi start oldi
Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari hamda qator vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda 15 yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan “Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasining 2026-yilgi Respublika bosqichi ishtirokchilari bugun erta tongdan poytaxtimizda kutib olindi.
Viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan kelgan jami 13 ta jamoa tarkibidagi 130 nafar o‘quvchi o‘g‘il-qizlar shu kunga qadar musobaqaning dastlabki ikki bosqichida, ya’ni tuman (shahar) va viloyat bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritganlar. Endilikda ularni Respublika (final) bosqichidagi shiddatli bellashuvlar kutib turibdi.
Rejaga ko‘ra, mamlakatimizning turli chegaraoldi hududlaridan kelgan jamoalar dastlab, O‘zbekiston Yoshlar ishlari Agentligi binosida jam bo‘ldilar. Bu yerda ularni Agentlikning harbiy bo‘lim boshlig‘i Elyorbek Xudoyberdiyev musobaqaning yakuniy bosqichiga yetib kelganlari bilan qutlab, bellashuv shartlarida muvaffaqiyatlar tiladi.
Shuningdek, suhbat davomida bugun mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor, ular uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va berilayotgan imtiyozlar xususida ham batafsil ma’lumot berib o‘tildi.
Shundan so‘ng, o‘quvchi yoshlar DXX Chegara qo‘shinlari faoliyati haqida hikoya qiluvchi videoroliklarni tomosha qilish barobarida, harbiy xizmatchilar bilan ham suhbatlashib, sohaning o‘ziga xosliklari haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Yosh chegarachilarning poytaxtimiz bo‘ylab sayohati davom etmoqda. Oldinda ularni "Zakovat" intellektual bellashuvi va "G‘alaba bog‘i" yodgorlik majmuasiga sayohat kutib turibdi.
Mayor Farida Bobojonova,
fotosuratlar Shahzod Yodgorov.