Yosh chavandozlar bahsi qizg‘in o‘tmoqda
Ot sportining konkur yo‘nalishi bo‘yicha kichik o‘smirlar, o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati o‘tkazilmoqda.
Musobaqaning ikkinchi kungi bahslari “Bolalar” toifasida 110 santimetrlik to‘siqlar dasturida Abubakir Hafizov “Orange White” laqabli oti bilan chempionga aylandi. Aziza Ubaydullayeva “Chesterman” laqabli tulporida ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Maryam Xidirova “Narletta AV” oti bilan uchinchi pog‘onadan joy oldi. “O‘smirlar” toifasida 125 santimetrlik to‘siqlardan ot sakratishda Abdulboriy Adhamov (“Leffe”), Asadbek Buriyev (“Cross”), Islom Abdukarimov (“Rocco Karlos”) shohsupaga ko‘tarildi.
“Yoshlar” toifasida esa 130 santimetrlik dasturda Anna Sigidina “Elis G” nomli otida musobaqaning oltin medaliga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, Fariz Mirsaidov “Casamira” tulporida kumush, Javohir O‘rinboyev esa “Champion” bilan bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA