Yosh bokschilarimizning shashti baland
Chernogoriyaning Budva shahrida boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida chorak final bahslari o‘tkazilmoqda.
Ushbu bosqichda hamyurtimiz Halimjon Ma’masoliyev -92 kg. vaznda Tomas Stokesga (IBA) qarshi bahs olib bordi. Birinchi raundda bokschimiz raqibini nokdaunga uchratdi. Ushbu holatdan o‘ziga kela olmagan Tomas ikkinchi raund boshlanishidan oldin jangdan bosh tortib, mag‘lubiyatini tan oldi.

Vazni 86 kilogrammgacha bo‘lgan charm qo‘lqop ustamiz Akmaljon Isroilov esa yarim final ostonasida isroillik Ariyel Prilutskiyni yirik 5:0 hisobida taslim etdi. Jafarbek Shahbozov -75 kg. vazn toifasida gruziyalik Giorgi Natroshvalini, Abdulaziz Jo‘raqulov -63,5 kg. vaznda ruminiyalik Adrian Grigoriyeni 5:0 hisobida mag‘lub etdi.

Shuningdek, o‘z vazn toifalarida Jasmin Tohirova, Oysha Toirova, Sayfiddin Sobirov, Sobirjon Tastanov kabi yosh iste’dodli bokschilarimiz yarim finalga yo‘l olgan bo‘lsa, afsuski, Akbar Ahmadov, Feruza Sharipova hamda Odinaxon Ismoilova chorak finalda mag‘lub bo‘ldi.
Bugun, 30 oktyabr kuni ham vakillarimiz ishtirokida chorak final bahslari bo‘lib o‘tadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA