“Yorqin” mahallasida bir kun
Margʻilon shahri markazidagi “Yorqin” mahalla fuqarolar yigʻinida qaynoq hayot guvohi boʻldik. Bu yerdagi koʻrgan-bilganlarimiz esa fazilatli maskandagi mehnatsevarlik va odamiylikka boʻlgan hayratu havasimizni yana-da oshirdi.
Aslida tashvishsiz odam, muammosiz mahallaning oʻzi yoʻq. Kimdir tirikchilik, kimdir bemorlik qaygʻusi bilan yonsa, yana kimdir totuv hayot orzumandasi. Kishilar birda quvonchli, birda ogʻriqli murojaatlari bilan mahallaga yuzlanishadi, zotan, bu manzilda oʻz nomai hollarini jon quloq bilan tinglaguvchi, hojatini ravon qilguvchilar borligiga ishonadilar.
Margʻilon shahri markazidagi “Yorqin” mahalla fuqarolar yigʻinida qaynoq hayot guvohi boʻldik. Bu yerdagi koʻrgan-bilganlarimiz esa fazilatli maskandagi mehnatsevarlik va odamiylikka boʻlgan hayratu havasimizni yana-da oshirdi.
Avvalo, “Yorqin”ning koʻrkam binosi, undagi qulay sharoit koʻnglingizni yashnatadi. Bino peshtoqiga ilingan lavhadagi Hazrat Navoiyning “Odamiy ersang, demagil odami, Onikim, yoʻq xalq gʻamidin gʻami” degan satrlar bu dargohda xalqning murodi ulugʻvor maqsad ekanligiga ishora berayotganday.
— Yigʻinimiz binosi saxovatli tadbirkor, mahalla farzandi Nodirbek Roʻziboyevning begʻaraz koʻmagi bilan qurib bitkazilgan, — deydi mahalla yigʻini raisining oʻrinbosari Ibodatxon Hojibolayeva. — Hududimizning 3100 nafardan ziyod aholisi Mustaqillik, Burhoniddin Margʻiloniy, Imom Zahiriddin, Avliyoxon Muhammadiyev, Obod Margʻilon, Turkiston kabi oʻnta koʻchada istiqomat qilishadi. Boshqacha qilib aytganda, mahallamiz 715 ta oilaning kichik vatanidir.
Ha, kichik vatanning oʻz anʼanalari, talab va qoidalari borki, bular mahallada farovon, toʻkin hayotni kafolatlab kelayotir. Avvalo, har bir oilada milliy qadriyatlarga hurmat, yoshi ulugʻlarga ehtirom bilan bir qatorda mehnatsevarlik, hunarga muhabbat ustuvordir. Buni hududda milliy hunarmandchilikning 20 dan ortiq turi bilan shugʻullanuvchi minglab ustalarning borligi ham isbotlaydi. Qolaversa, mahallada ipak ilmiy tadqiqot instituti, viloyat sanoat turizmining yirik markazi – “Yodgorlik” majmuasi joylashganligining oʻziyoq ipakchilik, toʻquvchilik hunarlari rivojiga keng yoʻl ochgan, deya olamiz.
Ayni damda milliy atlas-adras, shoyi ipak matolarining nodir namunalari oʻnlab toʻquvchi sulolalarning Hasanboy va Husanboy Madaminovlar, Jamolxon va Jahongirxon Asqarovlar, Alijon Abduxalilov singari mohir davomchilari tomonidan yaratilmoqda.

25 yillik usta kosiblar Ilhomjon va Poʻlatjon Siddiqovlar xonadonida zamonaviy uskunalar koʻmagida tayyorlanayotgan ayollar va erkaklar oyoq kiyimlari allaqachon viloyatimiz bozorlariga kirib borgan. Komiljon Ahmedov, Boburxon Bahodirov kabi yosh hunarmandlar tikayotgan kattalar va bolalar oyoq kiyimlari esa bejirimligi, sifati bilan xorijnikidan qolishmaydi.
37 yildan buyon yogʻoch oʻymakorligi bilan shugʻullanayotgan Gʻulomsher ota Hojibolayev mahallaning tajribali hunarmandlaridan. Uning milliy naqshi nigorlar aks ettirilib, puxta ishlov berilgan yogʻoch eshik-romlari, darvoza, soʻri va ayvonlarining dovrugʻi vodiy boʻylab taralgan. Poytaxtdagi oʻnlab oʻzbekona xonadonlarga Gʻulomsher ota yasagan yogʻoch ayvonlar koʻrk bagʻishlab turibdi.
Temirchilik hunari Samandar va Dilmurod Isaqovlarga bobomeros. Temirchi Alijon boboni margʻilonlik nuroniylar yaxshi tanishadi, noyob iqtidorini yodga olishadi. Uning oʻgʻli Murodjon ota hamon otash lovullagan ustaxonada javlon uradi. Temir va tunuka xom ashyosidan 100 turga yaqin roʻzgʻor va qishloq xoʻjaligi buyumlari yasayotgan usta oʻgʻlonlar ham hunarning ziynati, barakasini oldilar. Mahallaning Abdurashid Sobirovdek ustasi ham borki, nafaqat shahar, balki unga yondosh tumanlar, qoʻshni viloyatlarda ham u yasagan temir darvoza, panjara va ishkomlarni soʻrab kelguvchilar bisyor.
Doʻppidoʻz Eʼzozaxon Gʻoziyeva, toʻnchi Muhabbatxon Ahmedova, qandolatchi Abdujalil Hasanov, plastik eshik-rom ustasi Abdulhay Oxunovlarning hunarga muhabbat, mehnatsevarlik ortidan yuksalgan toleini koʻrib, Margʻilon hunarmandlarining fazlu kamoliga tasannolar aytasiz. Asli iqtisodchi boʻlsa-da, 400 tadan ziyod badiiy kitoblar jam boʻlgan oilaviy kutubxona sohibi Ergashboy ota Mirzaaliyev singari chinakam kitobsevar nuroniylarining borligi ham gʻururlanarli, albatta. Mahallaning surati va siyratidagi sharqonalik, obod qiyofa, nodir qoʻllar tomonidan milliy hunarmandchilik anʼanalarining asralib, sayqallanib kelinayotgani hududning tez fursatlarda turizm mahallasiga aylantirilishiga asos boʻladi. Mahallada 4 ta uy-mehmonxona qurilishi rejalashtirilmoqda.
“Yorqin”ning qalblarga yorugʻlik olib kiruvchi fazilatlari koʻp. Ibrat koʻzgusiga aylangan farovon, totuv oilalar, soʻzi ham, oʻzi ham ulugʻvor kayvonilari, fidoyi insonlar, shubhasiz, uning toji, ushbu manzildagi yaxshiliklarning sababchisi hamdir. Buni birgina Shahzoda ona Roʻziboyeva boshchiligidan xonadon misolida ham koʻrdik.
Shinam va goʻzal hovlisining chetlariga gulu rayhonlar qadalgan yoʻlaklaridan yurib kelayotgan onaxon uch oʻgʻlining kasbi kamolidan, ularning, avvalo, mahallasiga, el-u yurtiga keltirayotgan nafidan boshi osmonda. Mahalla fuqarolar yigʻini binosini qurib bergan, mahalladoshlari muammolari yechimiga qoʻl choʻzib, muhtojlarga koʻmak berayotgan tadbirkor Nodirbek Roʻziboyev onaxonning toʻngʻich farzandi. Ukalari Davronbek va Davlatbeklar ham unga yelkadosh. Pandemiya davrida saxovatpesha oila tomonidan beminnat ulashilgan oziq-ovqat mahsulotlari, moddiy yordamlar ortidan fazilatli xonadonga yana-da nur-baraka yogʻildi. Uch oʻgʻil alohida oilaning boshi, alohida uy-joy egasi boʻlsa-da, na oʻgʻillarning, na kelinlarning Shahzoda ona umrguzaronlik qilayotgan hovlidan, ona duolari yogʻilib turgan ota makondan ketgilari yoʻq. Bu esa oʻzaro hurmat, mehr-muhabbat va birdamlikning betakror namunasi aslida.

Mahallada vijdonli, turmush taroziboni boʻlib yashayotgan fidoyi insonlar koʻpligi uchun ham oʻrtaga tashlangan hech bir muammo yechimsiz qolmaydi. Shu bois ham bu fayzli manzilda murosasiz oilalar yoʻq, soʻnggi yillarda birorta oilaviy ajrim qayd etilmadi, jinoyatchilik, yoshlar oʻrtasidagi huquqbuzarlik holatlariga allaqachon barham berilgan.
— Yaqinda yana xushxabar eshitdik, — deydi suhbatdoshimiz. — Obod Margʻilon koʻchasida yashovchi imkoniyati cheklangan yoshlarimizdan biri Fazliddin Madaminovga Yoshlar ittifoqi shahar kengashi koʻmagi bilan kompyuter jamlanmasi taqdim qilgan edik. U joriy yilgi davlat imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtib, Fargʻona politexnika institutiga davlat granti asosida qabul qilinibdi.
Bugun mahallaning boshida bir oʻy bor. Hududdagi 3 ta koʻcha va boshqa qoʻshni mahallalarga tabiiy gaz toʻliq yetib borgan, biroq mahalladagi 7 ta koʻcha aholisi bu neʼmatdan benasib. Vaholanki, bu bir-ikki yillik muammo emas. Erta-indin hudud turizm mahallasiga aylantirilib, uy-mehmonxonalar barpo etiladigan boʻlsa, aholi oʻz ehtiyojlari uchun topolmagan tabiiy gazni mehmonlari uchun qaydan topsin? Bu borada “Yorqin” mutasaddilarning jiddiy eʼtiboriga muhtoj.
Bugun nafaqat Margʻilondagi mahallada, balki bu kabi ulugʻvor ishlar Fargʻona viloyatining har bir hududida davom etmoqda.