Yopiq muassasalar: muammo va yechimlar
Jizzax viloyatidagi yopiq (erkin kirib-chiqish cheklangan, nazoratdagi) muassasalar faoliyati yuzasidan o‘tkazilgan monitoring nafaqat mavjud sharoitlarni, balki tizimdagi dolzarb muammolarni ham ochib berdi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning mintaqaviy vakili tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar doirasida vaqtincha saqlash hibsxonalari, manzil-koloniyalar, reabilitatsiya markazlari, maxsus qabulxonalar va tibbiyot muassasalari qamrab olindi.
Monitoring shunchaki ko‘zdan kechirish emas, balki inson huquqlari qay darajada ta’minlanayotganini baholashga qaratildi. Yotoqxonalar, oshxona va tibbiyot bo‘limlari, muloqot xonalari hamda videokuzatuv tizimlari atroflicha tahlil qilindi.

Natijalar qator jiddiy kamchiliklarni yuzaga chiqardi. Jumladan, ayrim holatlarda shaxsni tasdiqlovchi hujjatlari mavjud bo‘lmagan fuqarolarning (asosan reabilitatsiya markazlariga joylashtirilgan shaxslar) hisobini yuritish va huquqiy maqomini rasmiylashtirishda muammolar borligi aniqlandi. Bu esa kelgusida hujjatlarni rasmiylashtirishda huquqiy qiyinchiliklarga olib kelishi mumkin.
Ayniqsa, mast holdagi shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish punktlaridagi holat xavotirli. Ayrim hollarda ular tomonidan jihozlarga zarar yetkazilgan, videokuzatuv qurilmalari ishdan chiqarilgan, hatto tibbiyot xodimlariga nisbatan kuch ishlatilgan. Bu nafaqat mulkka, balki inson xavfsizligiga ham jiddiy tahdid soladi.
Zomin tumanlararo tibbiyot punktida aniqlangan kamchiliklar ham tizimli muammolardan dalolat beradi. Xususan, birinchi tibbiy yordam vositalarining yetishmasligi, xodimlar uchun alohida xonalar yo‘qligi, yotoq jihozlarining eskirgani holatni yanada murakkablashtirmoqda. Ayrim xonalarda videokuzatuv vositalari o‘rnatilmagani esa nazorat samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi tabiiy.

Bu kabi holatlar amaldagi qonunchilik talablariga zid. Chunki bunday muassasalarda xavfsizlik, doimiy nazorat va huquqbuzarliklarning oldini olish choralari to‘liq ta’minlanishi shart.
Muhimi, monitoring faqat tanqid bilan cheklanmadi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli idoralarga Ombudsman nazorat xatlari kiritildi, amaliy tavsiyalar berildi. Shuningdek, joylarda sayyor qabullar o‘tkazilib, fuqarolar murojaatlari o‘rganildi.
Xulosa shuki, yopiq muassasalardagi sharoit — bu faqat ichki masala emas, balki jamiyatning inson huquqlariga munosabatini aks ettiruvchi muhim ko‘rsatkichdir. Demak, bu sohadagi har bir kamchilik tezkor va aniq yechimlarni talab etadi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri