Yomg‘ir ofatga aylandi: Shri-Lankada maktablar yopildi
Shri-Lankada ikki kundan buyon tinimsiz yog‘ayotgan kuchli yomg‘ir mamlakatning markaziy tog‘li hududlarida keng ko‘lamli toshqin va ko‘chkilarni keltirib chiqardi. Tabiiy ofat oqibatida kamida 5 kishi halok bo‘ldi, 3 kishi jarohatlandi, 2 fuqaro yo‘qolgan. Tegishli vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, eng og‘ir vaziyat choy yetishtiriladigan markaziy viloyatlarda kuzatilmoqda. Xavf kuchaygach, ushbu hududlardagi maktablarda dars vaqtincha to‘xtatildi.
Ko‘chki ikki turar joyni butunlay bosib qolgani insonlar o‘limiga sabab bo‘ldi. Tabiiy ofat natijasida 129 uy zarar ko‘rgan, qariyb 2 000 aholi xavfsiz hududga ko‘chirilgan. Qutqaruv ishiga armiya va harbiy-dengiz kuchlari jalb etildi. Televideniye tasvirida harbiylar suv bosgan uylarda qolib ketgan odamlarni qutqarayotgani, yangi ko‘chki xavfi ostida ham ishni davom ettirayotgani aks etgan.
Yomg‘ir oqimi nafaqat aholi manzillari, balki transport infratuzilmasiga ham jiddiy zarar yetkazdi. Yirik toshlar, loy oqimi va qulagan elektr ustunlari bir necha asosiy avtomobil yo‘llarini to‘sib qo‘ygan. Ayrim hududlarda transport harakati butunlay izdan chiqqan. Hukumat qutqaruv amaliyoti bilan birga yo‘llarni ochish va elektr ta’minotini tiklash ishlarini ham boshlagan.
Bu Shri-Lanka so‘nggi oylarda duch kelgan ilk yirik tabiiy ofat emas. Mamlakat hamon o‘tgan yil noyabrda yuz bergan “Cyclone Ditwa” oqibatini bartaraf etish bilan band. O‘shanda qariyb 640 kishi halok bo‘lgan, 2 million aholi jabrlangan va iqtisodiyotga 4,1 milliard dollar zarar yetgan. Mutaxassislar musson mavsumi davom etayotgani bois, yangi toshqin va ko‘chki xavfi hamon yuqoriligidan ogohlantirmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA