Yo‘llarning holati bugungi talabga javob bermaydi
Mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida soliq tizimida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Soliq qonunchiligi talablarini yanada soddalashtirish va soliq ma’muriyatchiligining yangi vositalarini samarali joriy etish orqali tadbirkorlik sub’ektlarining soliq yukini kamaytirish muhim masalalardan biridir.
Shu maqsadda ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida belgilanayotgan normalar soliq tizimini takomillashtirish, biznes muhitini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy bazasini yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Mazkur qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida qizg‘in muhokama qilindi. Deputatlar loyihani muhokama qilar ekan, yurtimizda tadbirkorlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgan bir sharoitda qonunchilik hujjatlarini ham takomillashtirish muhimligiga e’tibor qaratdi.

Yig‘ilishda bo‘sh turgan bino va inshootlardan foydalanish bo‘yicha samarali mexanizmlarni joriy etish choralarini ko‘rish, barcha resurslarning ijtimoiy foydaliligini oshirish zarurligi aytib o‘tildi. Chunki bino va inshootlarning to‘liq ishlatilishi iqtisodiy natijadorlikka, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qiladi. Bu esa Xalq demokratik partiyasi dasturiy maqsadlariga har tomonlama mos keladi. Shundan kelib chiqib, deputatlar qonun loyihasini ma’qulladi.
Qonunchilik palatasidagi “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida ham ushbu qonun loyihasi atroflicha ko‘rib chiqildi. Bundan tashqari, yig‘ilishda “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Fraksiya a’zolari tomonidan qayd etilganidek, bugungi kundagi yo‘llarning holati o‘sib borayotgan transport vositalarining tirbandliklarsiz harakatlanishini ta’minlashga javob bermaydi. Yo‘l harakati ishtirokchilari bo‘lgan transport vositalari yo‘lovchilari, piyoda va velosiped haydovchilar uchun yo‘l harakatini tashkil etish to‘g‘ri va tizimli yo‘lga qo‘yilmagan.
Taklif etilayotgan qonun loyihasi yo‘l harakati sohasidagi munosabatlarni tartibga solish tizimini takomillashtirish va yo‘l harakatida sodir etilishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarning oldini olishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Qonun loyihasining qabul qilinishi huquqni qo‘llash amaliyotida paydo bo‘layotgan tushunmovchiliklarni bartaraf etishga xizmat qilib, yo‘l harakati qatnashchilarining huquqlari va majburiyatlarini qonun bilan mustahkamlaydi.
M.Komilova, O‘zA