
Keyingi paytda yo‘llarda haydovchilar tomonidan yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilari, ayniqsa, piyodalar, velosiped haydovchilarining huquqlarini ochiq mensimaslik holatlari kuzatilmoqda.
Bunday holatlar ko‘pincha muqaddam yo‘l harakati qoidalarini buzgani yoki yo‘l-transport hodisasini sodir etgani uchun transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinganlar, shuningdek, mastlik holatida yoki giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoxud kishining aql-idrokiga ta’sir qiluvchi boshqa moddalar ta’siri ostida bo‘lgan shaxslar tomonidan sodir etilayotgani aniqlangan.
Shu bois, Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan mutasaddi vazirlik va idoralardan olingan fikrlar asosida Jinoyat kodeksining 266-moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish orqali yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan haydovchilarga nisbatan jinoyatning og‘irligini hisobga olgan holda jazo choralarini kuchaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

Mazkur qo‘mitada mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflar muhokama qilindi.
Qo‘mita raisi Qutbiddin Burxonov 2020 - 2024 yillar davomida mast haydovchilar sababli 600 ga yaqin yo‘l-transport hodisasi sodir etilganini qayd etdi. 2024 yilning o‘zida transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxslar tomonidan 405 yo‘l-transport hodisasi ro‘yxatga olingan. Bunday holatlar aholining haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda va ijtimoiy tarmoqlar orqali amaldagi qonunchilikni yanada kuchaytirish lozimligi ta’kidlanmoqda.
Yig‘ilishda Bosh prokuratura, Adliya va Ichki ishlar vazirliklari hamda IIV Akademiyasi tomonidan taqdim etilgan takliflar asosida ishchi guruh tomonidan berilgan takliflar muhokama qilindi.

Jinoyat kodeksining yuqorida qayd etilgan moddasida belgilangan huquqbuzarlikni transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilingan shaxs yoxud mastlik holatida yoki giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoxud kishining aql-idrokiga ta’sir qiluvchi boshqa moddalar ta’siri ostida bo‘lgan shaxs tomonidan sodir etilganda og‘irroq jazo choralarini qo‘llashni nazarda tutuvchi tegishli qonun loyihasini tayyorlash uchun mas’ul vazirlik va idoralar vakillaridan iborat tarkibda ishchi guruhni shakllantirish masalasi ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish yakunida ishchi guruh a’zolari mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari bilan birgalikda qonunchilik takliflarini takomillashtirish va mazkur sohadagi qonunchilik normalarini yanada kuchaytirish yuzasidan ishlarni davom ettirishga kelishib oldi.
N.Abduraimova, O‘zA