Yo‘llanmalarni yo‘naltirish tartibi bo‘yicha seminar o‘tkazildi
Xorazm viloyati “Raqamli sog‘liqni saqlash markazi”da barcha tuman va shahar tibbiyot bo‘limlarining ambulator poliklinika xizmati hamda viloyat tibbiyot muassasalarining yo‘llanmalar bilan ishlash bo‘yicha mas’ullari ishtirokida ochiq muloqot va amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish, elektron yo‘llanmalarni to‘g‘ri va tizimli yo‘naltirish, shuningdek, belgilangan tartibga qat’iy rioya etish masalalari tahliliy-tanqidiy ruhda ko‘rib chiqildi.

– Haqiqatan ham, bugungi seminar shunchaki hisobot berish emas, balki ochiq va tanqidiy ruhda o‘tdi. Asosiy e’tibor tibbiy xizmat ko‘rsatishda haligacha uchrayotgan kamchiliklarga qaratildi, – deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jumanazar Qurbonov. – Elektron yo‘llanma – bu tibbiyotda shaffoflikni ta’minlash va bemorning vaqtini tejash uchun kiritilgan juda qulay tizim. Lekin, tan olishimiz kerakki, ba’zi hollarda yo‘llanmalarni noto‘g‘ri yoki asossiz yo‘naltirish holatlari uchrab turibdi. Bu esa yuqori tibbiyot muassasalarida navbatlar ko‘payishiga va haqiqiy muhtoj bemorlarning chetda qolishiga olib kelishi mumkin.

Tadbir davomida yo‘llanmalarni rasmiylashtirishda uchrayotgan kamchiliklar ko‘rsatib o‘tilib, ularni qisqa muddatda bartaraf etish, jarayonlarni to‘liq raqamlashtirish hamda bemorlarga qulaylik yaratish bo‘yicha mas’ullarga aniq va qat’iy topshiriqlar berildi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri