Yo‘ling ravon bo‘lsa, manziling ham yaqin bo‘ladi
Mustaqilligimizning 33 yilligi oldidan Navoiy viloyatida qurilgan bir qator yangi ob’ektlar foydalanishga topshirildi.
Viloyat Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi tomonidan Navbahor tumanida barpo etilgan bitta ko‘prik va uzunligi 8 kilometrlik avtomobil yo‘li aholi uzog‘ini yaqin qildi.
Tumanning Paxtakor mahallasi hududidan o‘tuvchi A379 “Navoiy – Uchquduq” avtomobil yo‘lida joylashgan ko‘prikning qurilishiga 8 milliard so‘m sarflandi.
[gallery-18970]
– Mazkur ko‘prik Zarafshon daryosi ustiga o‘rnatilgan bo‘lib, viloyat markazini Zarafshon shahri, Karmana, Navbahor, Konimex, Qiziltepa, Nurota, Uchquduq va Tomdi tumanlari bilan bog‘laydi, – deydi Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi boshlig‘i Alisher Halimov. – Bu avtotransport vositalarining xavfsiz harakatlanishiga xizmat qiladi, aholiga o‘ziga xos qulaylik yaratadi. Bundan tashqari, Prezidentimizning 2020 yil 10 yanvardagi “2020 — 2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga asosan “Paxtakor”, “Yangi yo‘l”, “Qorovultepa”, “O‘zbekiston”, “Qalqonota”, “Mirzo Ulug‘bek” mahallalaridan o‘tuvchi 4R57 “Qizilqum halqa yo‘li” ning 8 kilometr uzunlikdagi qismi qayta ta’mirlandi.
Mazkur avtomobil yo‘li viloyat markazini Nurota, Konimex, Uchquduq va Tomdi tumanlari, qolaversa, Jizzax viloyati Forish tumanini bog‘laydi. Turizm yo‘nalishidagi “Chashma” ziyoratgohi va “Sarmish qo‘riqxonasi” hamda bir qator tarixiy obidalarga olib boruvchi asosiy yo‘l hisoblanadi. Bu yo‘lda avtotransport vositalarining xavfsiz harakatlanishi va aholi uchun barcha sharoitlar yaratildi. Jumladan, tirbandliklarni oldini olish maqsadida 2 tasmalidan 4 tasmaga o‘zgartirildi. 3 dona ko‘prik qayta qurildi. 7,8 kilometr uzunlikda temir to‘siqlar, 3 ta svetofor va 278 dona tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi. Shuningdek, 8 kilometr suv qochirish latoklari qurildi. Yo‘l belgilari bilan jihozlandi. 8 kilometr piyodalar va velosiped yo‘laklari, 4 ta avtobekat qurilib aholiga qulay sharoitlar yaratildi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari