Yo‘lidan adashgan yigitning taqdiriga befarq bo‘linmadi
Fuqaro Abror Mahmudov hali yosh, navqiron, tog‘ni ursa talqon qiladigan yigit edi. Uning ortidan ota-onasining ham orzu-havaslari ulkan edi. Jamiyatga nafi tegadigan, ota-onasi, oilasining bir quvonchiga o‘n quvonch qo‘sha oladigan yoshida yo‘ldan adashdi.
Ehtimol anglab, balki anglamay, g‘arazli kimsalar tuzog‘iga tushdi. Pul topish maqsadi uning vijdon ko‘zini ko‘r qildi.
U 2007 yildan boshlab daromad orttirish maqsadida Rossiya Federatsiyasida qurilish ishlarida ishlab kelib, ish faoliyati davomida “Vahhobiylik” diniy ekstremistik, separatistik va “Jihodchilar” diniy ekstremistik jamoatining “Moskva jihodiy jamoati” yetakchilari bilan yaqin hamkorlik qilib kelgan. O‘zini qurilishda ishlaydigandek qilib ko‘rsatib, ekstremistik oqim ishtirokchisiga aylangan.
A.Mahmudov uyushgan jinoiy guruhlar diniy ekstremistik jamoatiga a’zo bo‘lib, ularning faoliyatida ishtirok etgan. Aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan, aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan materiallarni tayyorlash, ularni tarqatish, saqlash, fuqarolar totuvligini buzish, tuhmatona, vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalar tarqatish, jamiyatda qaror topgan xulq-atvor qoidalariga va jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi boshqa qilmishlarni sodir etgan. Shu maqsadda dindan foydalanish, milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab, aholi guruhlariga nisbatan adovat, murosasizlik yoki nifoq keltirib chiqarish maqsadida milliy sha’n-sharaf va qadr-qimmatini kamsitishga, diniy e’tiqodiga yoki dahriyligiga qarab fuqarolarning his-tuyg‘ularini haqoratlash, O‘zbekiston Respublikasi hududiy yaxlitligini Konstitutsiyaga xilof tarzda buzishga ochiqdan-ochiq da’vat qilishdan iborat jinoyatlarni sodir qilgan.
Shu bilan birga, xorijda ishlash uchun borgan qarindoshlari, qishloqdoshlari, u bilan yaqin bo‘lgan yurtdoshlarini ham birga ishlash niqobi ostida fikrini o‘zgartirish, to‘g‘ri yo‘ldan og‘dirish uchun o‘z g‘arazli g‘oyalarini targ‘ib qilib kelgan. U va sheriklarining aldovlariga ishonib, shu yo‘lga kirib qolgan yigitlarga “diniy” saboqlar ham berib, ularga “jihod”, “hijrat”, “shahidlik” xususida ma’ruzalar qilgan.
O‘zbekistonni kufr davlat sifatida talqin qilib, jihod e’lon qilib, davlatimiz va boshqa davlatlar hududida xalifalik asosida shariat qonunlari asosida boshqariladigan “Islomiy davlat”ni qurish uchun hokimiyatni kuch ishlatish yo‘li bilan bosib olishga, ayollarni hijob kiydirishga majburlash g‘oyalarini targ‘ib qilgan.
Turli da’vatli audio va videomateriallarni uyali telefon apparatiga ko‘chirib, yashirish ravishda yurtimiz hududiga kiritgan va tarqalishiga erishgan.
Ammo xalqimizda “Buzoqning yugurgani somonxonagacha”, degan naql bor. A.Mahmudovning ham noqonuniy xatti-harakatlari, qonundan qochib yurishi uzoqqa cho‘zilmadi.
Sud hay’ati, sudlanuvchiga jazo turi va miqdorini belgilashda uning sodir etgan jinoyatlarining xususiyati, ijtimoiy xavflilik darajasi, jinoyatlarni sodir etishdagi roli, uning shaxsi, oilaviy sharoiti, jazoni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi boshqa barcha holatlarni inobatga olib, qonun doirasida ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan edi.
Fuqaro A.Mahmudov O‘zbekiston Respublikasi jinoyat Kodeksining 156-moddasi 3-qismining “d” bandi, 159 modda 3-qismining “b” bandi, 244-1-modda 3-qismi “a” bandi va 244-2- modda 1-qismida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilgan va 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
Xalqimiz bag‘ri keng, kechirimli el. Har insonga yana imkoniyat berish tarafdori. Qonunlarimiz ham ayni yo‘nalishda tuzilgan, ezgu maqsadlarimizni ifoda etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev eng aziz umummilliy bayramimiz – Vatanimiz mustaqilligi e’lon qilinganining 29 yilligini nishonlash arafasida davlatimiz tomonidan olib borilayotgan gumanistik siyosatning amaliy tasdig‘i sifatida “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan sodir etgan jinoyati uchun jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 113 nafar fuqaro afv etilgan edi.
Ular orasida A.Mahmudov ham bor. Uning jamiyatga moslashishi, o‘z o‘rnini topishi, yolg‘izlanib, ruhiy tushkunlikka tushmasligi uchun barcha choralar ko‘rildi. Jumladan, fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi “Muqaddas-2018” fermer xo‘jaligida ish bilan band etildi. Shu bilan birga, uning qiziqishlari inobatga olinib, tuman “Agrobank” ATBdan 30 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit olishiga ko‘maklashildi. Farzandlari ham futbol va matematika to‘garaklariga jalb etildi.