Yo‘l qoidasi bilimdonlari: g‘olib finalda aniqlanadi
Jizzax viloyatidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Yashil chiroq” respublika musobaqasining shahar va tuman bosqichlari bo‘lib o‘tmoqda.
Ichki ishlar, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklari va boshqa hamkor tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan musobaqada umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchi-yoshlari ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 26 apreldagi “Ta’lim muassasalarida yo‘l harakati qoidalari targ‘ibotini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida mamlakatimiz hududidagi barcha umumta’lim maktablarida “Yashil chiroq” respublika musobaqasining shahar, tuman bosqichlari o‘tkazilmoqda.

Viloyat markazidagi 6-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tashkil etilgan “Yashil chiroq” musobaqasining Jizzax shahar bosqichida ham jamoalar “Yo‘l harakati qoidalari” borasidagi bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.
– Mazkur musobaqa o‘quvchi yoshlarning yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Jizzax viloyat IIB JXX YHXB umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilish guruhi katta inspektori, leytenant Abbos Dadashov. – Bundan tashqari, musobaqa bahonasida ko‘cha va yo‘llarda yurish qoidalari keng targ‘ib qilinmoqda.
“Yashil chiroq” musobaqasi Jizzax shahar bosqichida ishtirokchilar “Safda yurish”, “Piyodalar harakatiga oid savollar”, “Yosh velosipedchilar musobaqasi”, “Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish” kabi oltita shart bo‘yicha o‘z bilim va iqtidorini namoyish etdi.
Musobaqa qizg‘in va murosasiz bahslarga boy bo‘ldi. Chunki, har bir jamoa ushbu bellashuvga astoydil g‘olib bo‘lish uchun kelganlini isbotladi. Eng asosiysi o‘quvchilar mazkur tanlov orqali yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha o‘z bilimlarini yanada oshirdi, yangi do‘stlar orttirdi.
Musobaqa g‘olib, sovrindor, turli nominatsiyalar sohiblari va eng faol ishtirok etgan jamoalar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
“Yashil chiroq” respublika musobaqasi Jizzax viloyatining barcha shahar va tumanlarida bo‘lib o‘tmoqda.
A.Qayumov,
J.Yorbekov (surat), O‘zA