Yo‘l chetlari chiqindilardan tozalandi
30-mart – Xalqaro chiqindisiz kun
Butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Jizzax viloyatida ham “Chiqindisiz dunyo uchun!” shiori ostida umummilliy aksiya o‘tkazildi.
Ekologiya vazirligi tashabbusi bilan 30-mart –Xalqaro chiqindisiz kun munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va mamlakatimizning barcha viloyatlarida hududlarni chiqindilardan tozalash tadbirlari o‘tkazildi.
Ushbu sanada Jizzax viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan Sharof Rashidov tumani “Toqchilik” mahalla fuqarolar yig‘ini va Uchtepa dahasini bog‘lovchi avtomobil yo‘li yoqasidagi chiqindilarni tozalash maqsadida aksiya tashkil etildi.
Aksiyani yuqori saviyada o‘tkazishda Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazining Jizzax viloyat hududiy filiali, “Eko-sfera” mas’uliyati cheklangan jamiyati, viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasining ko‘ngilli volontyorlari, “Yosh ekofaollar” guruhi a’zolari, “Toza hudud” davlat unitar korxonasi, “Toqchilik” MFY vakillari, “Sanoatqurilish bank” Jizzax filiali va boshqa tashkilotlar hamkorlik qildi.
Aksiyaning ochilish marosimida “Eko-sfera” MCHJ direktori Bunyod Sariboyev so‘zga chiqib, Ekologiya vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan ushbu tadbir hududlar ozodaligini ta’minlashga, jamoatchilikda bu borada daxldorlik hissini uyg‘otishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Aksiya o‘tkazilayotgan avtomobil yo‘li yoqasiga aholi tomonidan qattiq maishiy chiqindilar noqonuniy tashlab ketilganligi sababli, ushbu hududni tozalashga qaror qilindi. Chiqindilarni bartaraf etish uchun 6 ta maxsus texnika vositasi jalb etilib, ekologiya xodimlari, yoshlar, tashkilot va korxonalar vakillari, mahalla faollari ko‘ngilli bo‘lib shu ko‘chaning tozaligiga hissa qo‘shdi.
–O‘ylaymizki, ushbu tashabbusimiz aholi va jamoat vakillari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi va endilikda bu hududning ekologik nazorati ta’minlanadi,– dedi Bunyod Sariboyev.
Aksiya ishtirokchilarga zaruriy ashyolar, yelim qop va qo‘lqoplar, futbolka, bosh kiyim, eko-sumka, shuningdek, antiseptik vositalar tarqatildi. Eng ko‘p chiqindi to‘plagan va faol ishtirok etgan aksiya ishtirokchilari turli nominatsiyalar bo‘yicha diplom, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
– Bugun ushbu Sharof Rashidov tumani, “Toqchilik” MFYga chiqindilarni tozalash uchun ko‘ngilli bo‘lib keldik, – deydi Jizzax shahri “Kimyogar” MFYda yashovchi, volontyor Gulnoza Mansurova. – Ko‘chaning ikki tomoni ham chiqindilar bilan to‘lib- toshib ketgan ekan. Juda xunuk ko‘rinish. Jizzax shahridagi har bir mahallaga chiqindi kontenerlari qo‘yilgan. Lekin Sharof Rashidov tumanidagi ushbu mahalla bundan mustasnoga o‘xshaydi. Aks holda chiqindilarni yo‘lning ikki chetiga uloqtirib ketishmagan bo‘lardi. Odatda har bir oilaga kirib, chiqindilarni saralab alohida-alohida xaltalarga joylab, belgilangan hudud yoki chiqindi kontenerlariga tashlash ta’kidlanadi, bu yerda MFY raisi, faollari bu ishni qilishmagan ko‘rinadi.
[gallery-16687]
– Butun respublikamiz bo‘ylab 30-mart – Xalqaro chiqindisiz kun munosabati bilan “Chiqindisiz dunyo uchun!” shiori ostida umummilliy aksiya o‘tkazilmoqda, – deydi viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishlari boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Kamoliddin Ahadov. – Shu jumladan, bizning viloyatimizda ham ushbu tadbir ko‘tarinki ruhda o‘tkazilyapti. Bu yerda tashkil etilgan tozalik aksiyasi tadbiri Sharof Rashidov tuman “Toqchilik” MFYdan tuman markazi – Uchtepa dahasiga olib boriluvchi Tut qator ko‘chasida o‘tkazilmoqda. Tadbirimizda bir qator tashkilot, mahalla, viloyat ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, sanitariya tozalash korxonalari, ishchi-xizmatchilari, ko‘ngilli yoshlar, ya’ni volontyorlar qatnashmoqda.
Tadbirda “Sanoat qurilish bank” Jizzax viloyati filiali vakillari faol ishtirok etganligini alohida ta’kidlab o‘tish lozim.Davlat– xususiy sherikchiligi tamoyili asosida “Eko-sfera” MCHJ tomonidan ushbu hududga 2 dona kuzatuv kamerasi o‘rnatildi. Yana chiqindilarni belgilanmagan joyga tashlab ketish holati ro‘y bergan taqdirda, ana shu kuzatuv kameralari orqali holat kuzatib boriladi va bu ishni qilgan fuqarolarga nisbatan jazo choralari ko‘riladi.
Kunning ikkinchi yarmida “Ekolog.uz” jamoat birlashmasi tomonidan ham mazkur ekologik sana doirasida Jizzax shahrining “Navro‘zbuloq” sayilgohi hududida chiqindilarni yugurib yig‘ish bo‘yicha yoshlar o‘rtasida “plogging” tadbiri o‘tkazildi.
Ushbu “plogging” doirasida sayilgoh turli chiqindilardan tozalandi. Unda Jizzax shahar ekologiya inspeksiyasi mutaxassisi ishtirok etib, yoshlarga chiqindilarni yig‘ish, ularni belgilangan joylarga tashlash va bu borada ularning ekologik bilim va ko‘nikmasini oshirish bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib bordi.
BMT Bosh Assambleyasi 2022-yil 14-dekabrdagi majlisida 30-martni har yili nishonlanadigan “Xalqaro chiqindisiz kun” deb e’lon qilish to‘g‘risida rezolyutsiyani qabul qilgan.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/L34lwSSMPr0" title="Yoʻl chetlari chiqindilardan tozalandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari