Yigirma sakkiz yoshli falsafa doktori
Mamlakatimizda keyingi yillarda ilm-fan bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlar, ayniqsa, yosh olimalar safi, ular erishayotgan yutuqlar salmog‘i ortib bormoqda. Chunki barpo etilayotgan Yangi O‘zbekistonda yosh olimalarning bilim olishi, ilmiy salohiyatini yuksaltirishi, jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishi uchun keng imkoniyatlar eshigi ochib berilmoqda.
Andijon davlat pedagogika instituti Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi mutaxassisligi doktoranti, o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi katta o‘qituvchisi, dotsent vazifasini bajaruvchi Kamola Odiljonova ana shunday imkoniyatlardan samarali foydalanib, yuqori natijalarga erishayotgan yosh olimalardan.
U maktabni tamomlagach, Andijon davlat universitetining pedagogika fakultetida tahsil oldi. O‘qish davomida puxta bilim olish bilan birga, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bordi, o‘z ustida tinimsiz ishladi, izlandi, yangi-yangi marralar sari intildi.
U talabalik yillarida o‘zining faol va tashabbuskorligini ko‘rsata oldi. Islom Karimov nomidagi Davlat stipendiyasi sohibi, o‘zbek tili bo‘yicha fan olimpiadasi respublika bosqichida 2-o‘ringa sazovor bo‘ldi. O‘quvchilarning bilimini rivojlantirishga yordam beruvchi “Sharqning buyuk allomalari” nomli mobil ilovaga asos soldi.
[gallery-30952]
2021-yilda universitetni tamomlagach, Andijon davlat pedagogika instituti magistraturasiga o‘qishga kirdi. O‘qish bilan birga, institutda avval matbuot kotibi, keyin ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash bo‘limi 1-toifali muhandisi vazifalarida ishladi.
U joriy yilda “O‘quvchilarning leksik kompetensiyalarini rivojlantirishda verbal vositalardan foydalanishning ilmiy-metodik asoslarini takomillashtirish” mavzusidagi dissertatsiya ishini muvaffaqiyatli himoya qilib, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini oldi.
Kamola Odiljonova “O‘quvchilarning leksik kompetensiyasini shakllantirish metodikasi” nomli qo‘llanmasi uchun yaratgan dasturi Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Dasturiy mahsulotlar davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bundan tashqari, keyingi yillarda uning “Sirojiddin Sayyid she’riyatida mumtoz adabiyot an’analari”, “O‘quvchilarning leksik kompetensiyasini shakllantirish metodikasi” nomli o‘quv qo‘llanmalari, “Rahbarning oltin qoidalari” qo‘llanmasi, “O‘quvchilarning leksik kompetensiyalarini rivojlantirishda verbal vositalardan foydalanishning ilmiy-metodik asoslarini takomillashtirish” deb nomlangan monografiyasi chop etildi.
Yosh olima respublika va xalqaro miqyosdagi ko‘plab seminar va ilmiy anjumanlarda o‘z ma’ruzalari bilan faol ishtirok etib kelmoqda. Ayni kunda u “Talabalarda lisoniy tafakkurni shakllantirishga psixolingvistik yondashuv texnologiyalari” mavzusida pedagogika fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqda.
Kamola Odiljonova nafaqat ilm-fanda ilg‘or, balki jamoat ishlarida ham hamisha faol qatnashib keladi. U ayni kunda Boshqaruv samaradorligi agentligi qoshida tashkil etilgan “Kelajak liderlari” klubining gender tenglik masalalari koordinatori, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazining “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosidir. Qolaversa, ko‘plar havas qilsa arziydigan ibratli oilaning baxtli bekasi sifatida oilada ham o‘z o‘rnini topgan.
Yosh olima faolligi, samarali ilmiy izlanishlari uchun turli yillarda ko‘plab tashakkurnoma va faxriy yorliqlar bilan taqdirlangan. Joriy yil Yoshlar kuni arafasida Prezidentimiz farmoniga asosan “Kelajak bunyodkori” medali bilan mukofotlandi.
– Men kabi ko‘plab yoshlar erishayotgan yutuqlarning zamirida yurtimizda biz yoshlarga berilayotgan keng imkoniyatlar, Prezidentimizning ishonchi va doimiy qo‘llab-quvvatlashi yotadi. Kelgusida ana shu e’tibor va g‘amxo‘rlikka, yurtboshimiz ishonchiga munosib bo‘lish, Vatanimiz ravnaqi yo‘lida astoydil mehnat qilish uchun bor bilim va salohiyatimni ishga solaman, – deydi Kamola Odiljonova.
Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari