Yevropa bozorlari ham zabt etiladi
Bundan o‘n yillar avval faoliyatini boshlagan korxonamiz tomonidan bugungi kunda kurashchi, bokschilar uchun maxsus kiyimlar, kimono, boks qo‘lqoplari, shlemlar, sport to‘shaklari, tennis setkalari singari 30 ga yaqin turdagi sifatli sport jihozlari va kiyimlar tayyorlanmoqda.
O‘tgan yillar davomida faoliyatimizni Chinobod shaharchasidagi Omonariq mahallasida, o‘z xonadonimizdagi kichik sexda olib bordik, mahallamizdagi ko‘plab chevar ayollarni kasanachilik asosida ishga jalb etdik. Dastlab boks qoplari, shlemi, qo‘lqop singari bir necha turdagi mahsulot tayyorlagan bo‘lsak, keyinchalik yangi-yangi mahsulotlar tayyorlashni yo‘lga qo‘ydik. Ishlovchilar soni ham ortib bordi. Eng asosiysi, mahsulotlarimiz nafaqat ichki bozorda, balki qo‘shni Qirg‘iziston, Qozog‘iston davlatlarida ham sotilmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga keng imkoniyatlar yaratilib, ularni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganligi, har bir tadbirkorga kuch va shijoat berdi. Jumladan, men ham faoliyatimni kengaytirish, ish o‘rinlarini ko‘paytirish maqsadida yangi bino qurish uchun yer ajratilishini so‘rab tuman, viloyat hokimliklariga murojaat qildim. Murojaatim ijobiy hal etildi. Yangi bino qurish uchun Chinobod shaharchasidagi Omonariq mahallasidan foydalanilmay turgan joy ajratib berildi. Ikki qavatli ishlab chiqarish binosi qurildi, xorijdan yangi tikuv dastgohlari, texnologiyalar olib kelindi. Buning uchun qariyb 4 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflandi.
[gallery-8602]
Mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz bir yillik bayrami arafasida korxonamizning yangi binosi ishga tushdi. Doimiy ishlovchi kishilar soni 200 nafarga yetdi. Ishchilarning samarali ishlashlari uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan. Intilish, izlanish bor joyda shubhasiz, yuksalish bo‘ladi. Korxonamiz faoliyatining dastlabki davrlaridanoq ana shu g‘oyaga amal qilib, izlanib, qat’iy tartib asosida ish olib borildi, tayyorlanayotgan mahsulotlar sifatiga alohida e’tibor qaratildi. Natijada korxona mahsulotlariga talab va ehtiyoj ortdi, xaridorgir mahsulotlar qatoridan joy oldi. Mehnatga yarasha daromad ham ortib bordi.
Maqsadlarim ulkan. Hozirda mahsulotlarimizni Rossiya, Polsha va boshqa Yevropa davlatlarida sotishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Nasib etsa yangi yildan mahsulotlarimizni Yevropa bozoriga eksport qilamiz. Keyingi yillarda jismoniy tarbiya va sport rivojiga katta e’tibor qaratilmoqda. Natijada sport jihozlari va kiyimlariga bo‘lgan talab ham ortmoqda. Ana shundan kelib chiqib, ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish ham asosiy maqsadlarimizdan biridir. Hozirda korxonada mehnat qilayotganlarning aksariyatini xotin-qizlar tashkil etadi.
Lazizbek Bakirov,
Andijon viloyatidagi
“LBSPORT» MCHJ rahbari
O‘zA