Yerni noqonuniy o‘zlashtirish: mas’ullar ogohlantirildi
Jizzax viloyati prokuraturasi tomonidan Sharof Rashidov tumani hokimligida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘oriladigan yerlarning o‘zboshimchalik bilan va noqonuniy ravishda egallab olinishining oldini olish, yerlarni talon-taroj qilishga yo‘l qo‘ymaslik masalasida tashkil etilgan yig‘ilish tanqidiy ruhda o‘tdi.
Unda viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari S.Bozorov va boshqalar Prezidentimiz tomonidan yer munosabatlari bo‘yicha bir qator farmon va qarorlar qabul qilinayotgani qayd etildi. Hujjatlar ijrosi bo‘yicha yig‘ilishlar tashkil etilayotganiga qaramay, Sharof Rashidov tumanida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘oriladigan yer maydonlari fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olinib, uy-joy qurish ishlari avj olib ketganligi, bunga tuman mas’ullari tomonidan e’tibor qaratilmayotgani, yer munosabatlarini tartibga soluvchi xodimlarning o‘z mansab vakolatlarini suiiste’mol qilinishi va shu kabi jinoyatlarga sherik bo‘lish holatlari mavjudligi, sug‘oriladigan yer maydonlarini sotib yuborish holatlari haqida so‘z bordi.

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘oriladigan yerlarni sotishga yo‘l qo‘yayotgan ba’zi mutasaddilar qat’iy ogohlantirilib, ularga nisbatan qonun doirasida jiddiy choralar ko‘rilishi aytildi.
Sug‘oriladigan yerlarni o‘zboshimchalik bilan va noqonuniy egallab olish holatlariga qarshi aniq vazifalar belgilab olindi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA