Yer uchastkasi va uy-joyingizning qonuniy hujjati bormi?
Davlatimiz tomonidan bugunga qadar yerga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish masalasida jami 5 marta “aksiya” e’lon qilingan bo‘lib, ularda hammasi bo‘lib 1 million 365 mingta o‘zboshimcha qurilgan uy-joy hujjatlashtirilgan.
Oxirgi to‘rt yilda amalga oshirilgan islohotlar va sohani raqamlashtirish hisobiga 41,5 million gektar yer davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Bu mamlakatdagi jami yerlarning 92 foizini tashkil etadi. Qiyos uchun aytadigan bo‘lsak, 2020 yilga qadar bor yo‘g‘i 487 ming gektar yerning xat-hujjati bo‘lgan xolos.
Shu bilan birga, huquqiy hujjatlari yer egasiga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra oxiriga yetmagan 3 million 800 mingdan ortiq yer uchastkalari mavjud.
Prezidentimiz tomonidan imzolangan “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun aholini yillar davomida qiynab kelgan yer uchastkasi va uy-joy bilan bog‘liq muammolarning huquqiy yechimi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Qonunga ko‘ra, fuqarolar quyidagi ko‘chmas mulklarni o‘z nomiga (ijara va mulk huquqi asosida) qonuniy o‘tkazib olishi mumkin:
2018 yil 1 may kunigacha yakka tartibdagi uy-joy qurib o‘zboshimchalik bilan egallagan yer hamda undagi bino va inshootlar; 2018 yil 1 may kunigacha fuqarolar va tashkilotlar tomonidan hujjatda ko‘rsatilgan maydondan ortiqcha egallangan yer hamda undagi bino va inshootlar; “bir martalik aksiya” doirasida huquqlarni e’tirof etish oxiriga yetmagan yer hamda undagi bino va inshootlar; 2021 yil 8 iyunga (hokimlarning vakolati bekor qilinguniga) qadar tuman (shahar) hokimlari qarori bilan ajratilgan, lekin viloyat hokimi yoki Xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanmagan yer; bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylar hamda ular egallagan yer; kichik sanoat zonalari hududiga 2020 yil 9 martgacha joylashtirilgan tadbirkorlarning yeri; davlat orderi bilan xususiylashtirilgan binolar va uylar egallagan yer; hokim qarori bilan mulk huquqi e’tirof etilgan binolar va uylar egallagan yer uchastkasi.

Ko‘chmas mulkni qonuniylashtirish uchun ular quyidagi talablarga javob berishi lozim:
Yer boshqa shaxsga ajratilmagan yoki auksionga chiqarilmagan bo‘lishi; yer uchastkasidan foydalanishda nizo mavjud emasligi; yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorlik mavjud emasligi; muhofaza zonasida, sug‘oriladigan yerda joylashmaganligi; bosh reja talablariga zid emasligi (mavjud bo‘lsa); har bir kategoriyaga xos boshqa shartlar (investitsiya majburiyati bajarilganligi, shirkat a’zosi hisoblanishi va boshqalar).
Qonun joriy yilning 8 noyabr kuni kuchga kirdi.
Mazkur qonun ijrosi natijasida fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining o‘zboshimchalik bilan egallab olgan yer uchastkalariga nisbatan ijara huquqini hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga nisbatan mulk huquqi e’tirof etilishiga va bu orqali aholining ijtimoiy, iqtisodiy hamda ushbu bino va inshootlarni kommunal tarmoqlarga ulash bo‘yicha tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda yuzaga kelayotgan muammolarining hal etilishiga ham imkon beradi.
Huquqlarni e’tirof etish hududlar bo‘yicha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Buning uchun Kadastr agentligi har yili reja-jadval tasdiqlaydi. Unga asosan Kadastr agentligi Avtomatlashtirilgan axborot tizimini yaratib, unga barcha yerlar bo‘yicha 6 xil turdagi birlamchi ma’lumotlarni kiritadi; 10 ta vakolatli organ (hokimlik, qurilish, ekologiya, soliq, “O‘zbekkosmos” agentligi va boshqalar) har bir yer uchastkasi bo‘yicha o‘z vakolatidagi ma’lumotlarni tizimga kiritadi; tizimda shakllantirilgan elektron yig‘ma jild mahalla binolarida, Kadastr agentligi saytida hamda boshqa manbalarda e’lon qilinadi.
To‘plangan hujjatlarning to‘liqligi va qonuniyligi adliya organlari tomonidan o‘rganib chiqiladi va ijobiy xulosa qabul qilingan fuqarolarga Kadastr agentligi tomonidan xabarnoma yuboriladi.
Xabarnoma asosida bir martalik to‘lovni amalga oshirganlarga har chorakda Xalq deputatlari viloyat Kengashi qarori bilan yerga ijara huquqi, bino-inshootga mulk huquqi e’tirof etiladi.
Venera Boboyeva,
Qashqadaryo viloyat adliya boshqarmasi
huquqiy axborot shu’basi boshlig‘i.
O‘zA