Yer maydonlari elektron platformaga kiritildi
Bu haqda Kadastr agentligining Xorazm viloyati boshqarmasida Yer va kadastr nazorati bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan matbuot anjumanida ma’lumot berildi.
Unda Kadastr agentligi, davlat kadastrlar palatasi Xorazm viloyat boshqarmalari va Respublika aerogeodeziya markazi viloyat bo‘linmasi mas’ullarining axborotlari tinglandi.
Xususan, Kadastr agentligi Xorazm viloyati boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida jami 1653 ta holatda 98,8 gektarga yaqin yer maydoni noqonuniy egallab olingani aniqlangan. Tushuntirish, targ‘ibot va tashviqot tadbirlari natijasida 761 ta holat fuqarolarning o‘z hisobidan bartaraf qilingan. Qolgan, 942 holatlar yuzasidan esa sud va prokuratura organlariga taqdimnomalar kiritilgan.
[gallery-18542]
Shuningdek, boshqarma tomonidan yer va kadastr sohasidagi huquqbuzarliklar, ya’ni yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish bo‘yicha 272 ta va o‘zboshimcha egallangan yerlarda qurilish ishlarini amalga oshirganlik bo‘yicha 643 ta jami 1 ming 394 holatlarda ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan. Davlat kadastrlar palatasi Xorazm viloyat boshqarmasi tomonidan esa 2024 yil birinchi yarim yilligida davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz sayti) orqali kadastr hujjatini tayyorlash bo‘yicha 34 ming 74 ta murojaatlar kelib tushgan.
Mazkur murojaatlar asosida 21 ming 300 ziyod jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan yer uchastkalari va ko‘chmas mulklarga kadastr pasportlari tayyorlanib, davlat xizmatlari markazlari orqali mulkdorlarga taqdim etilgan. Ayni paytda “UzKAD” elektron platformasiga 552 000 gektar ya’ni viloyatning 91 foiz yer maydoni hisobga olinishi ta’minlangan. Ko‘chmas mulk ob’ektlari bo‘yicha vujudga kelgan mulkiy huquqlari Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi bo‘yicha 51 ming 438 ta ariza kelib tushgan bo‘lib, shundan 32 ming 125 tasi qanoatlantirilgan va yakunlangan.
–Geodeziya va topografiya yo‘nalishi bo‘yicha Hududgaz Xorazm ta’minoti filiali buyurtmasiga asosan, Hazorasp, Xiva, Yangibozor tumanlarida 11 km uzunlikdagi gaz liniyasida topa-syomka ishlari bajarildi, – deydi Respublika aerogeodeziya markazi viloyat bo‘linmasi rahbari Farrux Sobirov. – O‘zbekiston Respublikasining Milliy koordinatalar tizimini yaratish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq va Qo‘ng‘irot tumanlari hududida birinchi va ikkinchi sinf geodezik ishlar bajarildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, Yer tuzish va kompleks loyihalash bo‘limi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, tuman va shaharlarning ma’muriy-hududiy chegaralarini tasdiqlash ishlarini amalga oshirish bo‘yicha tuzilgan “Yo‘l xaritasi”ga asosan Xorazm viloyatida 7 ta tumanda chegaralar kelishilib, xalq deputatlari tuman Kengashlari qarorlari chiqarilgan. Qolgan tuman, shaharlarda chegaralarni kelishish ishlari davom etmoqda.
Tadbir davomida jurnalist va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov(Surat), O‘zA.