YeI Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kengaytirmoqchi (+video)
Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas yaqin oylarda Rossiyaga qarshi sanksiyalarni sezilarli darajada kengaytirish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi, deb xabar berdi DW nashri
«Urush boshlanganidan beri eng ko‘lami keng sanksiyalar ro‘yxatini taqdim etaman. Agar u qabul qilinsa, sanksiya ostidagi rossiyalik jismoniy shaxslar, kompaniyalar va tashkilotlar soni birdaniga oshadi», - dedi Kallas.
Yevropa Komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, hozir YeIning Rossiyaga qarshi sanksiyalar ro‘yxatida qariyb 3000 nafar jismoniy va yuridik shaxslar bor. Kallas Rossiya urushni to‘xtatmaguncha unga bosimni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
Yevropa diplomatiyasi rahbari sanksiyalar masalasida AQSH va Yevropa pozitsiyalari yaqinlashishiga umid bildirdi. Kallas, shuningdek, Rossiya armiyasi jang maydonida g‘alaba qozona olmayotgani uchun tobora ko‘proq raketalarini Ukraina aholisi va infratuzilmasiga qaratib, Ukraina shaharlarini yashash uchun yaroqsiz holga keltirishga urinmoqda.
Kallas BMTning ma’lumotlarini ham eslatib o‘tdi. Unga ko‘ra, joriy yilning iyul oyi 2022-yil mayidan beri Ukraina tinch aholisi uchun eng ko‘p qurbonlar qayd etilgan oy bo‘lgan.
Kallasning ta’kidlashicha, Yevropa tobora kuchayib borayotgan gibrid tahdidlarga duch kelmoqda. U diversiyalar, josuslik holatlari va kiberhujumlarning aksariyati Moskva bilan bog‘liq ekanini aytdi.
U Leypsig aeroportidagi dron bilan bog‘liq hodisa, shuningdek, Rossiya raketalari va dronlarining Polsha hamda Ruminiya havo hududiga kirgani haqidagi holatlarni misol qilib keltirdi.
«Ular bizning qat’iyatimizni tekshirmoqda va mudofaamizni sinab ko‘rmoqda. Bunday hodisalar qabul qilib bo‘lmaydi. Agar biz juda sust javob bersak, bunday hodisalar yanada ko‘payadi», — dedi Kallas.
<iframe width="640" height="350" src="https://www.youtube.com/embed/jaZGBD-bQeg" title="YEI Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kengaytirmoqchi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>pKenja Bekjonov, O‘zA