Yegor Bolotov delegatsiyamizga 28-oltin medalni keltirdi
Yaponiya mezbonligida o‘tayotgan Paraosiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar soni 28 ta oltin, 29 ta kumush va 30 ta bronza, jami 87 taga yetdi.
Paraosiyo o‘yinlarining bugungi dasturidan o‘rin olgan bahslar vakillarimiz uchun muvaffaqiyatli o‘tmoqda. Jumladan, para suzish bo‘yicha erkaklar o‘rtasida S13 klassida 100 metrga chalqancha suzish bahslarida Yegor Bolotov 58,43 soniya natija bilan marraga birinchi bo‘lib yetib keldi. Hamyurtimiz oltin medalga sazovor bo‘lish bilan birga, Osiyo rekordini ham yangiladi.
Ayollar o‘rtasida T11 klassida 100 metrga yugurish finalida ishtirok etgan Asila Mirzayorova gid-yuguruvchi Sardor Baxtiyorov bilan birgalikda 12,73 soniya natija qayd etib, bronza medalini qo‘lga kiritdi. Ma’lumot uchun, 100 metrga yugurish sportchimiz uchun asosiy yo‘nalish hisoblanmaydi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA