«Yaxshidir achchiq haqiqat»
Gulchehra opa Umarova faol, fidoyi, zahmatkash, rostgo‘y, gap kelganida otasini ham ayamaydigan jurnalistlardan.
Ayni paytda u milliy san’atimizning miridan sirigacha puxta egallagan qalamkash, desak sira mubolag‘a bo‘lmaydi.
Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, «Mehnat shuhrati» ordeni sohibasi Gulchehra Umarovaning «Yaxshidir achchiq haqiqat» deb nomlangan kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, «Jahon adabiyoti» jurnali bosh muharriri, atoqli jurnalist Ahmadjon Meliboyev, Bastakorlar va kompozitorlar uyushmasi raisining o‘rinbosari Habibulla Rahimov, Badiiy akademiya raisi, xalq rassomi Akmal Nuriddinov, Jurnalistlar uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov, «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi bosh muharriri Salim Ashurov va boshqalar mamlakatimizda ijod ahli doim e’tibor va e’zozda ekani, keyingi yillarda bu boradagi ishlar yanada yangi, yuksak bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi.

Mohir jurnalist Gulchehra Umarova qirq yildan ortiqroq vaqt mobaynida «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida faoliyat olib bormoqda. Mamlakatimiz madaniy hayotida kechayotgan har bir voqea va hodisa, yangiliklar, o‘zgarish va yangilanishlar, ma’naviy-madaniy hayotimizdagi og‘riqli va muammoli jihatlar ustoz jurnalist Gulchehra Umarovaning ijodiy faoliyatida, maqolalarida, teleko‘rsatuvlardagi munosabatida g‘oyat kuyinchaklik, iztirob bilan, teran tahlil asosida aks ettirilgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Mamlakatimizda milliy madaniyatimiz, san’atimiz, jurnalistikamizga daxldor insonlar borki, bari Gurchehra opani ana shu xolis va haqqoniy so‘zi, adolatli yondashuvi sababli hurmat qiladi. Uning maqolalarini katta qiziqish bilan mutolaa qiladi, doimiy kuzatib boradi.
Gulchehra Umarovaning «Yaxshidir achchiq haqiqat» deb nomlangan ushbu kitobda muallifning milliy madaniyatimiz, san’atimiz, ma’naviyatimizga oid kuyinchak fikr-mulohazalari, tahlil va kuzatishlari hamda san’at darg‘alarining hayot yo‘lari va ibrat maktablari haqidagi maqolalar jamlangan. To‘plamdan lavha, esse, maqola suhbatlar o‘rin olgan. «Didni buzishga haqqimiz bormi?», «Biz bilgan va bilmagan hofiz», «San’atshunos loqayd bo‘lmasligi kerak», «Kino ma’naviyatga xizmat qilishi kerak», «Ezgulikning oydin yo‘li», «Baxtga burkangan ayol» kabilar shular jumlasidandir.
Taqdimotda so‘zga chiqqan adabiyotshunoslar, jurnalistlar to‘plamning mohiyati va muallifning ijodiy izlanishlari haqida gapirdi.

San’atkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar tadbirga yanada o‘zgacha fayz bag‘ishladi. Tadbir so‘nggida muallif Gulchehra Umarova so‘zga chiqib, to‘plam borasida bildirilgan fikr-mulohazalar uchun yig‘ilganlarga minnatdorlik bildirdi.
N.Usmonova, O‘zA