Yaxshi dam – mehnatga hamdam
Namangan viloyatida 82 ming 600 gektar maydonda yetishtirilgan paxta hosilini qisqa muddatlarda yig‘ib-terib olish ishlari qizg‘in davom etmoqda.
Namangan viloyatida 82 ming 600 gektar maydonda yetishtirilgan paxta hosilini qisqa muddatlarda yig‘ib-terib olish ishlari qizg‘in davom etmoqda.Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi, “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining viloyat bo‘limlari, viloyat madaniyat va sport ishlari boshqarmasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi vakillaridan iborat targ‘ibot guruhlari dala mehnatkashlarining dam olish vaqtlari mazmunli o‘tishini ta’minlash maqsadida joylarda turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazmoqda.
Uchqo‘rg‘on va Namangan tumanlaridagi fermer xo‘jaliklari dalalarida G‘iyos Boytoyev, Hilola Hamidova, Sobir Mo‘minov, Aziza Niyozmetova kabi taniqli xonandalar ishtirokida o‘tgan madaniy dastur terimchilarga juda manzur bo‘ldi.
Uychi tumani dala mehnatkashlari huzurida kinorejissyor Isamat Ergashev, aktyorlar Ahmadjon Valiyev, Rashid Xudoyberdiyev ijodiy uchrashuv o‘tkazdi.
– Mehnatdan keyingi bunday zavqli uchrashuvlar kishiga maroq, kuch-quvvat beradi, ishchanlik ruhini oshiradi, – deydi terimchi Zamira Tojiboyeva. – Kuniga 100-150 kilogrammdan paxta termoqdamiz. Hali dalada hosil ko‘p.