Yashirin narkolaboratoriya fosh etildi
Toshkentda yashirin narkolaboratoriya fosh qilindi. Unda 23 kg.dan ziyod kuchli ta’sir qiluvchi moddalar borligi aniqlangan. Bu haqida Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda qayd etilishicha, Bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi, Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi Tezkor qidiruv departamenti xodimlaridan iborat maxsus tezkor guruh tomonidan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni respublikamizga olib kirish va tarqatish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.

Tezkor tadbir davomida avvaldan kuzatuvga olingan shaxsning Toshkent shahar Yunusobod tumanida ijaraga olingan xonadoni belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, bu yerda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni tayyorlashga mo‘ljallangan yashirin narkolaboratoriya tashkil qilgani aniqlandi.

Mazkur xonadonda hamda poytaxtning Uchtepa tumani va Toshkent viloyatining Toshkent tumanidagi xonadonlarda pregabalin, tropikamid, trilon kabi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar, ularni tayyorlashda foydalaniladigan prekursorlar, qayta ishlash va taqsimlashga mo‘ljallangan tarozi, kolba, mikser kabi laboratoriya jihozlari, dorilarni solishga mo‘ljallangan plastik bo‘sh idishlar borligi aniqlandi.

O‘tkazilgan keng qamrovli tezkor tadbirlar natijasida yashirin «narkolaboratoriya»dan jami og‘irligi 19 kg 225 gr «pregabalin», 2 kg 960 gr «tropikamid», 1,2 kg «trilon» kuchli ta’sir qiluvchi moddalari, 20 litr xlorid kislotasi, 19 nomdagi 1746 dona laboratoriya uskuna va jihozlari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.
Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi kuzatildi.
Sh. Mamaturopova,
O‘zA