Yashirin iqtisodiyotni jilovlashda raqamlashtirish: Samarqand tajribasi
Joriy yilning birinchi yarmi yakunlariga ko‘ra, Samarqand viloyatining yalpi hududiy mahsuloti 67,4 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 11,4 trillion so‘mga oshgan. Shu bilan birga, kuzatilmaydigan iqtisodiyotning YAHMdagi ulushi 37,4 foiz yoki 25,1 trillion so‘mni tashkil etgan. Garchi mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 8,3 foizga qisqargan bo‘lsa-da, iqtisodiyotdagi yashirin aylanmalarni kamaytirish, daromadlarni to‘liq hisobga olish va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatini shaffoflashtirish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.
Samarqand viloyat prokuraturasi tomonidan yashirin iqtisodiyotni qisqartirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, ana shu nuqtai nazardan e’tiborli.
– Yashirin iqtisodiyot deganda faqat soliqdan qochishni tushunish bir yoqlama yondashuv bo‘ladi, – deydi Samarqand viloyati prokuraturasi bo‘lim prokurori Javohir To‘rayev. – Uning tarkibida hisobotlarni ataylab kamaytirish, tovar va xizmatlar realizatsiyasini to‘liq ko‘rsatmaslik, ishchilar soni va ish haqini yashirish, naqd pul aylanmasini rasmiy hisobdan chetda qoldirish, litsenziya va ruxsatnomalarsiz faoliyat yuritish kabi holatlar ham mavjud. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, norasmiy iqtisodiyotning 68,2 foizi qishloq xo‘jaligi, 8,1 foizi sanoat, 7,1 foizi qurilish va 15,5 foizi xizmat ko‘rsatish sohalari hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu raqamlar yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashda barcha tarmoqlarga bir xil yondashuv yetarli emasligini ko‘rsatadi. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligidagi yuqori ulush alohida yondashuvni, qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi holatlar esa raqamli nazorat mexanizmlarini yanada kuchaytirishni talab qiladi.
Viloyatdagi 142 ta qurilish korxonasi faoliyati tahlil qilinganda 429,5 milliard so‘m soliqlar yashirilgani aniqlandi. Bu ishchilar soni va ish haqini kamaytirib ko‘rsatish, qurilish maydonini bozor bahosidan past narxlash va boshqa omillar bilan bog‘liq bo‘lgan. Ko‘rilgan choralar natijasida 39,7 milliard so‘m undirilgan. Xabarnomadagi talablarni bajarmagan 61 ta korxonaning 7 tasida audit, 54 tasida kameral soliq tekshiruvi o‘tkazilgan. Natijada ikkita jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishning samarali usuli – raqamlashtirish. Viloyatda yashirin iqtisodiyot ko‘lami yuqori bo‘lgan 11 ta soha raqamlashtirildi. Jumladan, 844 ta jamoat transporti, 56 ta avtoturargoh va 40 ta jarima maydonchasi faoliyati raqamlashtirilib, to‘lovlar naqdsiz shaklga o‘tkazilgan. 40 ta bozorda “Raqamli bozor” dasturi o‘rnatilgan. Mahallalarga biriktirilgan 423 nafar soliq inspektori “Sayt-termoprinter”, 87 nafari bodikamera bilan ta’minlangan. Buning natijasida joriy yilning sakkiz oyida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan tushumlar bozorlarda 5,3 milliard so‘mga, avtoturargohlarda 3,3 milliard so‘mga, jarima maydonchalarida 1,5 milliard so‘mga, jamoat transportida esa 13,8 milliard so‘mga oshdi.
Tibbiyot sohasida 187 ta tadbirkorlik sub’ektida 6,9 milliard so‘mlik soliqdan qochish holati aniqlanib, to‘liq undirilishi ta’minlangan. Notariuslar faoliyati tahlilida 53 ta notariusda hosil bo‘lgan 22,8 milliard so‘mlik ortiqcha to‘lovlar qayta hisobot taqdim etish orqali bartaraf etilgan.
Qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida joriy etilgan “G‘isht sanoq” elektron onlayn platformasi ham raqamli nazoratning samarasini ko‘rsatmoqda. Dastur Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 9 ta sub’ektga o‘rnatilib, soliq idorasining vaziyatlar markaziga integratsiya qilingan. Natijada o‘tgan yil g‘isht ishlab chiqaruvchi 9 nafar tadbirkorning yillik tovar aylanmasi 3 milliard 590 million so‘m bo‘lgani holda joriy yilning ikki oyida ushbu sub’ektlar tovar aylanmasi 2 milliard 805 million so‘mga yetgan.
Samarqand shahridagi 3308 ta savdo, umumiy ovqatlanish va dorixona sub’ektlarining 811 tasiga “R-keper” dasturi o‘rnatilib, soliq idorasiga integratsiya qilinmoqda.
Barcha yo‘nalishlardagi ishlar tizimli davom ettirilsa, viloyatda kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushini yil yakuniga qadar 30 foizgacha qisqartirish imkoniyati mavjud.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri