Yashil ummon: Zomin tog‘lari chorlaganda
“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil”
Bugun yurtimizda turizm jadal rivojlanmoqda va bu milliy harakatga aylani ham bor gap. Ilgari tarixiy obidalar va so‘lim go‘shalarda faqat xorijlik sayyohlarni ko‘rishga o‘rganib qolgan edik. Bugun esa manzara butunlay o‘zgargan. O‘z vatanini qayta kashf etayotgan, uning go‘zalligidan hayratlanayotgan mahalliy sayohatchilar oqimi kun sayin ko‘paymoqda.

Prezidentimizning 2024-yil 12-yanvardagi farmoni bilan hayotga tatbiq etilgan “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi bu borada yangi imkoniyatlar eshigini ochdi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Jumladan, shunga asosan Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Kasaba uyushmasi qo‘mitasi tashabbusi bilan universitet professor-o‘qituvchilari va ishchi-xodimlari ishtirokida Jizzax viloyatining durdonasi hisoblangan Zomin tumaniga sayohat tashkil etildi.

Zomin o‘zining musaffo tog‘ havosi, yam-yashil archazorlari va mahobatli qoyalari bilan sharqshunoslarni birinchi soniyalardanoq mahliyo etdi. Ming yillik tarixdan so‘ylovchi ko‘hna chinor daraxti poyida suhbat qurish, tabiatning betakror san’at asari bo‘lmish toshli qoyalarni tomosha qilish har bir ishtirokchiga o‘zgacha ilhom bag‘ishladi. Kundalik ish tashvishlaridan uzilib, sof tabiat bag‘rida nafas olish sog‘lom turmush tarzining eng go‘zal namunasi bo‘ldi. Archazorlar bag‘ridagi mo‘’jizaviy maskanlar esa butun charchoqlarni unutishga asos bo‘ldi.

Sayohat davomida ishtirokchilar nafaqat tabiat go‘zalligi, balki o‘lkaning boy tarixiy va ma’naviy xazinasi bilan ham tanishdilar. Zomin qadimdan Buyuk ipak yo‘lining muhim tarmoqlaridan biri, madaniyatlar tutashgan maskan bo‘lgan. Jamoa a’zolari hududdagi tabarruk maskanlar – Islom olamida yuksak hurmatga ega bo‘lgan Xoja Shermuhammad Valiy (So‘fi Olloyor davriga oid) ziyoratgohi, qadimiy qal’a xarobalari va sirli Peshag‘or g‘ori haqidagi tarixiy ma’lumotlardan bahramand bo‘ldilar. Tog‘ bag‘ridagi ushbu qadamjolar va tarixiy obidalar sharqshunos olimlarda alohida ilmiy va ma’naviy qiziqish uyg‘otdi. Asrlar qa’riga qilingan sayohat esa Zominning tarixiy merosi naqadar qadimiyligidan darak berdi.

Sayohatning eng hayajonli va unutilmas qismi, shubhasiz, Zominning ramziga aylanib ulgurgan mashhur shishali osma ko‘prik bo‘ldi. Uzunligi 305 metr, balandligi esa naq 150 metrni tashkil etuvchi ushbu muhandislik mo‘’jizasi ustidan o‘tish har bir sayohatchiga bir olam unutilmas taassurotlar taqdim etdi. Shveysariyaning mashhur “Fatzer AG” company uskunalari asosida bunyod etilgan va bir vaqtning o‘zida 600 nafar odamni bemalol ko‘tara oladigan bu ko‘prikdan turib ochiladigan manzara hammani lol qoldirdi. Go‘zallik va 150 metr balandlikdagi hayrat bir uyg‘unlikni o‘zida mujassam etdi.
Ushbu sayohat shunchaki tomosha emas, balki universitet jamoasini yanada jipslashtirgan, ular o‘rtasidagi samimiyat va hamjihatlikni mustahkamlagan madaniy tadbirga aylandi. Yo‘l davomida va dam olish lahzalarida Zominning tabiiy boyliklari va turizm imkoniyatlari haqida qiziqarli ma’lumotlar berildi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkin, bu kabi sayohatlar yurtimizning betakror go‘shalarini targ‘ib qilish bilan birga, ichki turizmni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ko‘prik bo‘lib xizmat qiladi. Zomin tog‘lari esa yangi marralar va ilmiy zafarlar oldidan sharqshunoslarga ulkan kuch va quvvat bag‘ishladi.
Asror Sulaymonov, O‘zA.