«Yashil makon» umummilliy loyihasi davom etmoqda
Ayni kunlarda yurtimiz bo‘ylab, daraxt ekish oyligi davom etmoqda. Ayni vaqtda hududlarda amalga oshirilayotgan mavzuga doir uchrashuvlarda O‘zbekiston fermer dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi A.Xaitov rahbarligidagi jamoa faol ishtirok etmoqda.
Hozirda Qashqadaryo viloyatidagi fermer xo‘jaliklarining dala chetlariga 3 millionta tut va tok ko‘chatlari ekilishi rejalashtirilgan.
Chora-tadbirlarning izchilligini ta’minlash maqsadida tumanlarda «Dala madaniyati fermer daromadi» shiori ostida o‘quv-amaliy seminarlar ham o‘tkazilmoqda. Chiroqchi tuman Paxtakor hududidagi «Mavlonov Mehroj» fermer xo‘jaligi dalasida tashkil etilgan ana shunday tadbirda tumandagi sektor rahbarlari, fermerlar kengashi, fermer xo‘jalik rahbarlari ishtirok etdi.

-Unda mamlakatimizda e’lon qilingan «Dolzarb 45 kunlik» tadbir davomida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi, -deydi - O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi mutaxassisi M.Turdiyev.- Unda kengashimiz raisi A.Xaitov ham ishtirok etib, «Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirish borasida daraxt ko‘chatlarini hududning iqlim sharoitidan kelib chiqib tanlash, ko‘proq mevali bog‘lar hosil qilish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish yuzasidan mas’ullarga ko‘rsatmalar berdi. Har bir daraxtni agrotexnik talablar asosida parvarish qilish, mineral va organik o‘g‘itlar bilan oziqlantirish va zararkunandalardan himoya qilish borasidagi ishlar uchun javobgarlik belgilanganligini alohida ta’kidladi.
Aktam Xaitov boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari shu kuni Qamashi tuman Chim hududidagi «Mirabbos Faxriddinovich» fermer xo‘jaligi dalasida ham bo‘lib, «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida dala madaniyatiga e’tibor bergan holda fermer xo‘jaliklari dala chetlariga tut, yong‘oq, uzum, bodom kabi mevali daraxtlar ekishga asosiy e’tibor qaratish zarurligi alohida qayd etildi.
Viloyatning Yakkabog‘, Shahrisabz, Kitob tumanlarida tashkil etilgan ilmiy-amaliy seminarlarda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Xaitov daraxtlarni ekish va parvarishlash sohasidagi boshqaruv tizimini takomillashtirish, ilmiy yondashuvlar asosida hududlarning tuproq-iqlim va boshqa xususiyatlarini aniqlashga qaratilgan tadqiqot va tahlillar asosida ko‘chatlar ekish, ko‘chatxonalar sonini ko‘paytirish, tuproq unumdorligini hisobga olgan holda, hududlar iqlimiga mos xorijiy manzarali daraxtlarni mahalliylashtirish, hududlarda «yashil bog‘lar» va «yashil jamoat parklari»ni barpo etish xususida so‘z yuritdi.
Joylarda o‘tkazilayotgan seminarlarda daraxtlarni sug‘orish tizimini qayta ko‘rib chiqish, uning samarali faoliyatini ta’minlash, har bir daraxtni parvarishlash uchun mas’ul shaxslarni belgilash va bu borada rag‘batlantirish mexanizmlarini keng joriy etish, jamoatchilik nazoratini yanada oshirish borasidagi muhim vazifalar keng tushuntirildi.
O‘zA