«Yashil makon» umummilliy loyihasi amalda!
Mamlakatimizda «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida e’lon qilingan «Dolzarb 40 kunlik» tashabbus hayotga izchil tatbiq etilmoqda. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida Milliy madaniy markaz rahbarlari ishtirokida mazkur tashabbusni amalga joriy etish yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qo‘mita rahbariyati va mutasaddi xodimlari, 24 ta Respublika va Toshkent shahar milliy madaniy markaz raislari, faollari ishtirok etdi.
Tadbirda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustambek Qurbonov ko‘p millatli xalqimiz Prezidentimizning millatlararo munosabatlar sohasida olib borayotgan siyosatini doim qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

bugungi kunda hayotimizning dolzarb masalalaridan bo‘lgan yashil olamni saqlash va ko‘paytirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan «Yashil makon» umummilliy loyihasini puxta tayyorgarlik bilan boshlash tashabbusi ko‘pmillatli xalqimiz tomonidan qizg‘in kutib olindi. Qo‘mita raisi yig‘ilganlarni daraxt ekish va obodonlashtirish ishlarida uyushqoqlik bilan ishtirok etishga chorladi.

Tadbir so‘nggida Respublika tojik milliy madaniy markazi raisi Gulondom Subhonova yig‘ilish ishtirokchilariga «Yashil makon» umumiy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha milliy madaniy markazlar Murojaatnomasini o‘qib berdi. Murojaatnoma barcha ishtirokchilar tomonidan ma’qullandi.
So‘ng barcha qatnashchilar Qo‘mita hovlisi va ko‘cha tomoniga manzarali, mevali daraxt ko‘chatlarini ekish tadbirida ishtirok etdi.
– Davlatimiz rahbarining «Yashil makon» umummilliy loyihasiga o‘zimizning hissamizni qo‘shgani keldik, – dedi O‘zbekiston tojik milliy madaniy markazi raisi Gulandom Subhonova. – Hammamizga toza havo, musaffo osmon kerak. Nafaqat Toshkentda, balki butun O‘zbekiston bo‘ylab ushbu loyiha katta bir quvonch bilan, harakat bilan ajralib turibdi. Joriy yilning aprel oyida «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida «Bag‘rikenglik bog‘i»ni barpo etgan edik. O‘ylaymanki, kelajakda ushbu bog‘ yurtimizdagi tinchlik va totuvlikning amaldagi isboti bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zA