“Yashil makon”: sirdaryolik jurnalistlar faol
Barcha yurtdoshlarimiz qatori sirdaryolik jurnalistlar ham yurtimizda mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekish, atrof-muhit muhofazasini ta’minlash maqsadida “Yashil makon” umummilliy loyihasida faol ishtirok etmoqda.
Sayxunobod tumanidagi "Farovon" mahallasida joylashgan xususiy sherikchilik asosidagi "Gulandom" maktabgacha ta’lim tashkilotida loyiha doirasida press-tur bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Sirdaryo viloyat bo‘limi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Sirdaryo viloyatida yashab, mehnat qilayotgan jurnalistlar ishtirok etdi.
Shu kuni jurnalistlar tomonidan bolalar bog‘chasining mo‘’jazgina bog‘iga olma, o‘rik, shaftoli, behi, olcha kabi bir qator mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari, turli xil gul ko‘chatlari o‘tqazildi.
Bu mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini bolalar bog‘chasiga Sayxunobod tuman kengashi deputati, fermer Rohatoy Nazarova tortiq qildi.

– Biz ekkan bu dov-daraxtlar kelgusida bog‘ bo‘libgina qolmay, bolajonlarni issiqdan asraydi, salqinlik beradi, mevalaridan bahramand qiladi, – dedi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Sirdaryo viloyat bo‘limi rahbari Boyjigit Abdullayev. – Bog‘imiz bolajonlarni toza va musaffo havodan nafas olishi uchun imkon beradi. Daraxt ekish, uni parvarishlash bir kunlik ish emas. Biz bu yo‘ldagi sa’y-harakatlarimizni yil bo‘yi davom ettiramiz.
Eslatib o‘tamiz, sirdaryolik jurnalistlar o‘tgan haftada loyiha doirasida Sirdaryo tumanidagi bog‘dorchilikka ixtisoslashtirilgan “SHM-Jurnalist” fermer xo‘jaligi bog‘ida ham ko‘chat ekkan edi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA