“Yashil makon” – obodlik va ko‘rkamlik timsoli
Davlatimiz rahbarining joriy yil 8 aprel kuni Olmazor tumaniga tashrifi davomida “Yashil makon” dasturi doirasidagi ishlarni kuchaytirish, bunday ezgu tashabbusni har bir mahalla, ko‘cha va xonadonda ro‘yobga chiqarish bilan bog‘liq masalalar ham muhokama etildi.
Vazirlik va idoralarga biriktirilgan hududlarda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar aniq ko‘rsatib o‘tildi.
Milliy an’analar va tajribalar asosida hududlarni ko‘rkam, jozibali, eng muhimi, odamlarga huzur baxsh etadigan, ularning munosib yashashiga xizmat qiladigan, xalqni rozi qilishga qaratilgan mazkur tashabbusni amalga oshirish ishlari Sergeli tumanida ham boshlandi.
Jumladan, ushbu tumanga biriktirilgan Bosh prokuratura tomonidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda “Asakabank” aksiyadorlik-tijorat banki boshqaruvi bilan hamkorlikda salohiyatli ishchi guruhi shakllantirildi va uning a’zolari mahallalardagi obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga mas’ul etib belgilandi.
Dastlab ishchi guruh tomonidan tuman sektorlari mas’ullari bilan birgalikda barcha mahallalardagi ko‘chalar, xonadonlar va boshqa ob’ektlardagi mavjud ahvol o‘rganib chiqildi.
O‘rganishlar asosida qilinadigan ishlar, ular uchun mas’ullar, muddatlar va moliyaviy manbalar aniq belgilab olindi.
Xususan, qisqa muddatlarda ekilishi lozim bo‘lgan mevali va manzarali daraxtlar, gul ko‘chatlariga bo‘lgan ehtiyoj hisob-kitob qilinib, buyurtmalar shakllantirildi.
Bugun esa, mazkur buyurtmalar asosida keltirilgan nihollarni ekish boshlandi.
Ko‘tarinkilik va uyushqoqlik bilan boshlangan hamda mamlakatimizning boshqa hududlarida ham amalga oshirilayotgan bu kabi xayrli ishlar Bosh prokuratura tomonidan doimiy muvofiqlashtirilib borilmoqda.
O‘zA