«Yashil» energetika eng maqbul najot yo‘lidir
Mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlari hamda aholi turar joylarida muqobil energiyadan foydalanish borasida qator ustuvor loyihalar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining «2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori energiya samaradorligini oshirish orqali respublika hududlarida energiya taqchilligini ta’minlash borasida muhim qadam bo‘ldi.
– Mazkur qaror bilan bojxona organlariga qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida energiya ta’minotini tashkil etish uchun asbob-uskunalar, texnika, xom ashyo, butlovchi va ularning ehtiyot qismlari bo‘yicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni qabul qilish kabi muhim vazifa va topshiriqlar berildi, – deydi Toshkent shahar bojxona boshqarmasi boshlig‘i Tolibjon Saidov. – Iqtisodiy taraqqiyot va aholi farovonligiga bevosita bog‘liq bo‘lgan va talab doimiy oshib boradigan elektr energetikasi barqarorligi qayta tiklanuvchi quyosh energiyasidan foydalanishni kengaytirishga bog‘liq. Shuning uchun aksariyat rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar bu masalaga ustuvor ahamiyat qaratmoqda.
bugungi kunda quyosh panellarini respublikamizga olib kirishda qator bojxona imtiyozlari mavjud. Davlatimiz rahbarining 2021 yil 6 apreldagi «Zomin» turistik-rekreatsion zonasini va xalqaro umummavsumiy kurortni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan 2024 yil 1 yanvarga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalarini tashkil etish uchun tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan import qilinadigan asbob-uskunalar, texnika, xom ashyo, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar va boshqa materiallar bojxona to‘lovlaridan ozod etilgan.
O‘tgan 2022 yil davomida Toshkent shahrida import qilingan 35,5 mln. AQSH dollarlik quyosh panellariga 2,1 mlrd. so‘m bojxona to‘lovlariga imtiyoz qo‘llanilgan bo‘lsa, 2023 yilning o‘tgan davri mobaynida 1,2 mlrd. so‘mlik imtiyozlar berilgan. Albatta, elektr energiyasi barqarorligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan yirik loyihalar, ko‘rilayotgan ta’sirchan choralar mamlakatimizning iqtisodiy barqarorligi hamda aholi farovonligiga xizmat qiladi.
Zero, tabiiy zaxiralar kamayib, resursga talab keskin oshib borayotgan bir sharoitda iqtisodiy taraqqiyotni maqsad qilgan har qanday davlat uchun eng maqbul najot yo‘li «yashil» energetikadir.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA