Yarmarka hamkorlik imkoniyati degani (+video)
Mana ikki kundirki, Farg‘onada hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tmoqda. Ma’lumki, viloyat sanoat salohiyati rang-barang va miqyosi keng. Qolaversa, Farg‘ona import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha mamlakatda yetakchi o‘rinda turadi.
Tadbirkorlik sub’ektlari esa kichik imkoniyatlarni ham ishga solib kooperatsiya, ya’ni hamkorlikda u yoki bu sanoat tarmog‘ini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shadigan mahsulotlar yetkazib berishmoqda. Shu ma’noda ham Farg‘ona yarmarkasi barcha ishlab chiqaruvchilar uchun “KATTA BOZOR” edi.

–Bu yarmarkada respublikamizni turli viloyatlaridan tashrif buyurgan 200 dan ortiq sanoat korxonalari o‘zlarining 1000 dan ortiq mahsulotlari bilan ishtirok etishmoqda, – deydi Farg‘ona viloyati hokimligi bosh mutaxassisi Mansur Najmiddinov. –Bundan asosiy maqsad, tarmoq va hududiy korxonalar o‘rtasida o‘zaro sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, butlovchi qismlar va xom-ashyolarni yetkazib berish haqida shartnoma kelishuvlarini imzolashdan iborat.
Ko‘rgazmalar zalidagi qurilish materiallari, to‘qimachilik, ipakni qayta ishlash, elektrotexnika, farmatsevtika, charm mahsulotlari, kimyo va neftegaz sohasi korxonalari pavilonlari xaridor hamda hamkorlar bilan gavjum bo‘ldi.

--Yarmarkalar tufayli, Jizzax, Buxoro, Navoiy, Samarqand, Namangan viloyatlarida o‘z markazlarimizni ochishga erishdik, – deydi tadbirkor Ma’mura Musurmonova. –Har bir viloyatda 30 ta ishchi o‘rni yaratdik. Bizga o‘xshagan tadbirkorlar uchun bu yarmarkalar juda ham samarali bo‘ldi.
Farg‘ona yarmarkasining yana bir o‘ziga xos tomoni shunda ediki, bu yerda intellektual ishlanmalar ham qo‘yildi.

–Ikkita katta loyihamiz bor. Bittasi aqlli svetofor. Ikkinchisi, aqlli yo‘l belgisidir, – deydi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti tadqiqotchisi Sherzod Toshmatov. –Buning afzalligi shundaki, u avtonom ishlaydi, muqobil energiyadan foydalaniladi, 300 metr yaqinlashganda haydovchilarga antiradar va shunga o‘xshagan qurilmalari bo‘lsa, sekin yurish, yo‘lda qanday yo‘l belgisi borligi to‘g‘risida ogohlantirish beradi.

Hududiy yarmarkalar, u qaysi viloyatda o‘tmasin, har gal biron jihati bilan boyib boryapti. Masalan, Farg‘onada ilk bor nogironlar ishtirokidagi korxonalarning mahsulotlari namoyish etildi. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra ishchilar sonining yarmi nogironlardan iborat bo‘lsa, u korxona xaridor bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuza oladi. Shu jihatdan ham o‘zaro hamkorlik va xaridlar miqdori salmoqli edi.
–Kecha va bugungi natijalarga ko‘ra “O‘zbekneftgaz”, “O‘zkimyosanoat” tizimidagi korxonalar o‘rtasida dastlabki kelishuvlar bo‘yicha 350 milliard so‘mlik shartnomalar tuzildi.

Farg‘ona yarmarkasida an’anaga ko‘ra qo‘shni davlat –Qirg‘izistonning Botken viloyatidan 15 nafar tadbirkorlar ishtirok etdilar. Noruda materiallarni ishlab chiqarish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar bilan qirg‘izistonlik tadbirkorlar kooperatsiya usulida ishlash imkoniyatlarini ishga solish yuzasidan kelishuvlarga erishdilar.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Al2X_qjVMfs" title="YARMARKA HAMKORLIK IMKONIYATI DEGANI" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), O‘zA