Yarimo‘tkazgichlar sanoatida yangi konsepsiya: Tau masshtablash qonuni nimani o‘zgartiradi?
Yaqinda Shanxayda bo‘lib o‘tgan “IEEE ISCAS-2026” xalqaro simpoziumida “Huawei” kompaniyasi vakili He Tinbo yarimo‘tkazgichlar rivoji uchun yangi yondashuv - Tau masshtablash qonunini (τ Scaling Law) taqdim etdi. Bu haqda kompaniyaning mamlakatimizdagi vakolatxonasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Ushbu konsepsiya an’anaviy geometrik kichraytirish o‘rniga vaqt doimiysi (τ) asosida masshtablash tamoyilini taklif qiladi. Bu yondashuv yarimo‘tkazgich tizimlarida kechikishni kamaytirish, energiya samaradorligini oshirish va tranzistorlar zichligini yanada yaxshilashga qaratilgan.
Yangi model “LogicFolding” texnologiyasi asosida qurilma, sxema, chip va tizim darajalarida kompleks optimallashtirishni nazarda tutadi. Bu esa hisoblash quvvati va umumiytizim unumdorligini sezilarli oshirish imkonini beradi.
Kompaniya so‘nggi olti yil davomida τ Scaling Law tamoyillari asosida 381 ta chipni ishlab chiqib, amaliyotga joriy etganini ma’lum qildi. Shuningdek, 2026-yil kuzida chiqishi kutilgan “Kirin” chiplari ham aynan ushbu arxitektura asosida yaratilishi rejalashtirilmoqda.
Kompaniya prognozlariga ko‘ra, 2031-yilga borib mazkur yondashuv asosida ishlab chiqilgan chiplar 1,4 nanometr texnologiya darajasiga teng tranzistor zichligiga erishishi mumkin.
He Tinbo qayd etganidek, yarimo‘tkazgich sanoatining barqaror rivoji uchun xalqaro hamkorlik va ochiq innovatsiyalar hal qiluvchi ahamiyatga ega.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA